To‘qayev Belarus va Ozarbayjonga boradi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 23 noyabr kuni Belarusga, 24 noyabr kuni esa Ozarbayjonga boradi. Bu haqda Oq o‘rda matbuot xizmati xabar berdi.

“23 noyabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Minskda bo‘lib o‘tadigan KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashining sessiyasida ishtirok etadi”, deyiladi xabarda.

24 noyabr kuni esa davlat rahbari BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti bo‘yicha maxsus dasturi (SPECA) sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Bakuga boradi.

Ma’lumot uchun, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti qo‘shin va yordamchi bo‘linmalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan shartnomada ishtirok etadigan mamlakatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi harbiy va siyosiy tajovuzkorlardan, xalqaro terrorchilardan, shuningdek, keng ko‘lamli tabiiy ofatlardan himoya qilish maqsadida tuzilgan. Bugungi kunda ushbu tashkilotga 6 davlat: Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo.

SPECA esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi bo‘lib, u submintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va uning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini kuchaytirish maqsadida 1998 yilda boshlangan. SPECA davlatlariga Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston kiradi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Minskda bo‘lib o‘tadigan KXSHT yig‘ilishida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan qatnashmasligi ma’lum bo‘lgandi. Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa dastlab Rossiyaga borib, Prezident Vladimir Putin bilan uchrashishi, keyin esa Belarusdagi KXSHT sammitida qatnashishi e’lon qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Ozarbayjon Belarus' Qosim-Jomart To'qaev KXShT SPECA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing