Tugamagan “Open budget” muammosi: Qashqadaryodagi mahallaga sifatsiz asfalt yotqizildi
Jamiyat
−
04 may 2023
10265Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida “Open budget”da yutgan yo‘lga juda yupqa va o‘ta sifatsiz yangi asfalt yotqizilgani haqida xabar berildi. Holatga Dehqonobod tumani hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, hokimlik “Open budget” mablag‘lari yo‘l quruvchisi tomonidan noto‘g‘ri sarflanib, ta’mirlanishi kerak bo‘lgan yo‘lga yupqa holatda asfalt yotqizilayotganini aniqlagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida “Open Budget”da yutgan yo‘lga juda yupqa va o‘ta sifatsiz yangi asfalt yotqizilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherdil Ergashevning ma’lum qilishicha, mazkur kamchilik aholi tomonidan aniqlanib, mas’ullarga aytilgan va o‘sha kunning o‘zida, aniqrog‘i bundan uch kun avval bartaraf etilgan.
“Sho‘rguzar qishlog‘ida 2 km 270 metr yo‘lga asfalt qoplamasini yotqizish ko‘zda tutilgan. Hozirda qurilish ishlari davom etmoqda. Ushbu sifatsiz qilingan ish o‘sha joyning o‘zida jamoatchilik nazorati va buyurtmachi tashkilot mas’uli tomonidan bartaraf etilgan. Qolaversa, shu voqea sabab hududda tuman hokimligi, MFY mas’ullari va aholidan yo‘l bo‘yicha jamoatchilik nazorati tuzilgan”, deydi hokim o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, “Open budget” loyihasining 2023 yildagi birinchi mavsumida 33 ming 680 ta tashabbus uchun 16 milliondan ortiq ovoz berilgan edi. Yakunda 1666 ta loyiha g‘olib deb topilgan. Ajratilgan byudjet 1 trillion 571 milliard 963 million so‘mni tashkil qilgan. Keyinchalik Prezident topshirig‘i bilan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 1 309 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratilgandi.
LiveBarchasi