Tryudo Eronni dunyoni beqarorlashtirishda aybladi
Olam
−
09 yanvar 2024
4131Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo Eronni “Hizbulloh” va HAMASni qo‘llab-quvvatlashi orqali tinchlik va global xavfsizlikni izdan chiqarishda aybladi. Bu haqda u Torontoda Ukraina xalqaro havo yo‘llari (UIA)ning PS752 reysi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan oqshomda so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
“Eron rejimi mamlakatdagi inson huquqlarini mensimaslikda va HAMAS, “Hizbulloh” va uning butun jahon bo‘ylab boshqa ishonchli vakillarini qo‘llab-quvvatlash orqali dunyo tinchligi va global xavfsizlikni beqarorlashtirishda davom etmoqda”, deydi Tryudo.
Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, Kanada va uning ittifoqchilari yillar davomida “Eron rejimini o‘z harakatlari uchun javobgarlikka tortish” uchun turli sa’y-harakatlarni amalga oshirgan.
Ma’lumot uchun, UIA’ning PS752 (Boeing 737-800) reysi 2020 yil 8 yanvar kuni Tehron aeroportidan Kiyevga parvoz qilganidan ko‘p o‘tmay qulab tushgan. Halok bo‘lgan 176 kishi orasida Eron, Ukraina, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya va Afg‘oniston fuqarolari bor. O‘sha yilning 11 yanvarida Eron harbiylari samolyotni “dushman nishoni” deb o‘ylab, harbiy ob’ekt yaqinida uchib ketayotganida urib tushirganini e’lon qildi. Tehron Kiyevga halokat sabablari bo‘yicha texnik hisobot loyihasini topshirdi. Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba esa buni falokatning asl sabablarini yashirishga urinish deb atadi.
2021 yil iyun oyida Eron Oliy sudining rasmiy vakili G‘ulom Husayn Ismoiliy Tehron halok bo‘lganlarning oilalariga 150 ming dollar miqdorida tovon pulini to‘liq to‘lashni rejalashtirayotganini aytdi. Bundan oldin Ismoiliy samolyot hodisasiga aloqadorlikda gumon qilinganlar ustidan mahkama yaqin orada Eronda bo‘lib o‘tishini bildirgan. 2021 yil dekabrda Buyuk Britaniya, Kanada, Ukraina va Shvetsiya Eron hukumatini urib tushirilgan samolyot uchun tovon to‘lash bo‘yicha muzokaralar boshlashga chaqirib, aks holda xalqaro sud jarayoni boshlanishi bilan tahdid qilgan.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar
Dollar kursi pastladi.
14 yanvar