Trillionerning qulashi, Britaniyadagi inqiroz va Germaniyaning “qariyalar rejasi” — Weekend
Tahlil
−
28 iyun 4218 17 daqiqa
To‘liq kelishib olish uchun, 60 kunlik muddat. Eshitilishi chiroyli, ammo mintaqadagi haqiqiy vaziyat hali-beri mutlaq tinchlik o‘rnatilishini kutish xato ekanligini ko‘rsatmoqda. Oldinroq tahmin qilganimizdek, Hormuz yana mojaroning markaziga aylandi. Eron bo‘g‘ozdagi o‘z nazoratini saqlab qolmoqchi. Ammo AQSH bunga jimgina qarab turmoqchi emas.
To‘liq kelishib olish uchun, 60 kunlik muddat. Chiroyli eshitilishi mumkin, ammo Yaqin Sharqda haligacha hech kim unga to‘liq ishonmayapti. AQSH va Eron muzokara stolini turli xil kayfiyatda tark etdi, Tehron Vashingtonga ishonib bo‘lmasligini bilib turibdi, Oq uy esa bo‘yin eggisi yo‘q. Hammasi yaxshi bo‘lishiga ishongan bo‘lardik, agar Isroil ham tinchlik o‘rnatilishini istaganda. Bu qisqa tanaffus dunyoga nimalarni va’da qilmoqda?
Britaniya siyosati yana bir bor o‘zining yetakchisisiz qolmoqda. Kir Starmer saylanganidan bor yo‘g‘i ikki yil o‘tib, muddatidan oldin iste’foga chiqmoqda. So‘nggi o‘n yillikda rahbarlarini haydash bo‘yicha antirekord o‘rnatgan Buyuk Britaniya jamiyati aslida nimani xohlaydi? Muammo nomzodlardami yoki tizimda?
Sharqiy Yevropada Ruminiya parlamenti Moldova bilan birlashish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Ha, hali bu qaror to‘la tasdiqlanmadi, ammo bir davlatning boshqa davlatga qo‘shilishidek anomal siyosiy qadam ortida arzirli sabab bo‘lishi kerak. Xo‘sh, Moldova nima xohlaydi? Ruminiya-chi? Bu birlashuvga Ukrainadagi urushning qanday aloqasi bor?
Venesuelada 39 soniya ichida ikkita zilzila minglab insonni boshpanasiz qoldirdi, yuzlab odamlar halok bo‘ldi. Hali vayronalar ostida murdalar ko‘p. Ushbu bir necha soniyalik apokalipsisning bugungacha bo‘lgan tafsilotlari va boshqa haftaning muhim voqealari haqida Qalampir.uz’ning navbatdagi dayjestida gaplashamiz.
60 kunlik tanaffus
AQSH va Eron 60 kunlik tanaffusga kelishib oldi. Joriy yilning 21-22 iyun kuni Shveysariyaning Lyusern shahri yaqinidagi tog‘li Byurgenshtok kurortida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda asosiy e’tibor avvalroq Eron tomonidan ishlab chiqilgan Anglashuv memorandumi doirasidagi masalalarga qaratildi. Xususan, Yaqin Sharqdagi harbiy keskinlikni pasaytirish, Hormuz bo‘g‘ozida xalqaro savdo kemalari xavfsizligini ta’minlash, Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni jilovlash hamda Eron yadroviy dasturiga oid bahsli masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda Eron tomonidan Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof hamda bank va sanoat sohasi rasmiylari ishtirok etdi. AQSH delegatsiyasi esa, AQSH Vitse-prezidenti Jey Di Vens, AQSHning Maxsus vakili Stiv Uitkoff va AQSH Prezidenti Donald Trampning kuyovi va Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchi Jared Kushnerdan iborat edi. Bundan tashqari vositachi davlatlar rahbarlari Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Qatar Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari hamda maxsus vakillari qatnashdi.
Biroq tashkil etilgan muzokaralar butunlay “silliq” kechgani yo‘q. AQSH Prezidenti Donald Trampning Eronga nisbatan keskin bayonotlar bilan chiqishi vaziyatni murakkablashtirdi. Tehron delegatsiyasi mazkur bayonotlarni ortiqcha bosim va tahdid sifatida baholab, norozilik belgisi sifatida muzokara stolini tark etgan.
“Ular tahdidlarining samarali bo‘lganida, bugungi darajadagi umidsizlikka tushib qolmasligini tushunmayaptimi? Biz amerikaliklarning tahdidlarini jiddiy qabul qilmaymiz”, dedi G‘olibof.
Shunga qaramay, vositachilarning say harakatlari diplomatik aloqalarni saqlab qoldi. Muzokaralar qayta tiklandi va yakunda tomonlar keskinlikni boshqarish bo‘yicha muhim siyosiy kelishuvga erishdi. 60 kun ichida yakuniy hujjat ishlab chiqishga xizmat qiluvchi yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, kelgusi ikki oy davomida siyosiy va texnik darajadagi muzokaralar uzluksiz davom ettiriladi.
Buning uchun alohida yuqori darajadagi qo‘mita tashkil etildi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning ma’lum qilishicha, texnik ekspertlar ishtirokidagi navbatdagi uchrashuv iyun oyi oxirida yana Shveysariyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur bosqichda yadroviy dastur bo‘yicha texnik tafsilotlar, sanksiyalar, xavfsizlik kafolatlari va mintaqaviy barqarorlik masalalari yuzasidan aniq mexanizmlar ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Muzokaralar ortidan Vashington ham ba’zi shartlarni qabul qilishga majbur bo‘ldi. AQSH Eron iqtisodiyotiga nisbatan qo‘llanayotgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha yumshatishga qaror qildi. Biroq bu sanksiyalar to‘liq bekor qilinganini anglatmaydi, ya’ni Eron ham kelgusida yon bermasa Oq uy niyatidan qaytib qolishi mumkin.
Tehron esa muzokaralar davom etayotganiga qaramay, keskin ritorikasidan voz kechgani yo‘q. Mamlakatning yuqori martabali vakillari Eron xalqi AQSH va Isroilning harbiy harakatlarini unutmasligini, so‘nggi voqealar “kechirilmasligini” ta’kidlab, urush hali to‘liq yakunlanmaganini bildirdi. Aslida bunday ishonchsizlik va sovuqqon munosabatga yetarlicha sabab bor. Tehron bu urushda ko‘p narsani yo‘qotdi. Buni ustiga, muzokara stolida urushning asosiy sababchilaridan biri Isroil vakillari yo‘q ekan, AQSHning quruq va’dalariga ishonib bo‘lmasligini Eron yaxshi biladi.
Bundan tashqari hali hal etilmagan yadro dasturi masalasi, Hormuzni nazorat qilish muammosi va Isroilning kelishuvlarda ishtirok etmasligi 60 kundan so‘ng bu nizolarni butunlay tugashiga shubha uyg‘otmoqda. Har holda Isroil hukumati rahbari Benyamin Netanyahu tinchlik o‘rnatilishiga rozi emasligi yaqqol sezilib turibdi. Katta Isroil g‘oyasi bor ekan, Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishini kutish o‘rinsiz.
Oradan bir hafta ham o‘tmasdan tahminlarimiz o‘z tasdig‘ini topdi. Vashington ko‘p kuttirmadi, bugun 27 iyun kuni AQSH Qurolli Kuchlari Eron raketalari va dronlar saqlanadigan joylarga, shuningdek, sohil bo‘yi radarlariga hujum uyushtirdi. Pentagonning xabar berishicha ushbu harbiy harakatga Singapur bayrog‘i ostida Hormuz bo‘g‘ozi orqali suzib ketayotgan savdo kemasiga qilingan dron hujumi sabab bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tayvanda joylashgan “Evergreen Marine” kompaniyasiga tegishli Singapur bayrog‘i ostidagi kemaga 4 ta dron hujum qilgan. Ulardan 3 tasi urib tushirilgan, bittasi kemaga kelib urilgan. Ekipaj a’zolaridan hech biri jabrlanmagan va kema o‘z sayohatini davom ettirishga muvaffaq bo‘lgan.
“Biz yana 3 ta dronni urib tushirdik. Bu o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvimizning ochiqchasiga va ahmoqona buzilishidir”, deydi AQSH Prezidenti.
Aslida bu hujumlar kim tomonidan va nima sababdan uyushtirildi haligacha noma’lum. Axir, sulh shartlaridan foyda ko‘rib turgan Tehron shunchaki qaysidir kemaga hujum qilmasa kerak. Bu yerda tinchlik o‘rnatilishini xohlamaydigan boshqa kuchlarning qo‘li bordek ko‘rinmoqda. Ammo bizning vazifamiz, aybdor kimligini aniqlash emas. Xulosa o‘zingizdan.
Oldinda turgan 60 kunlik muddat ichida tomonlar o‘zaro ishonchni tiklay oladimi, yadroviy dastur bo‘yicha murosaga erishadimi va mintaqadagi harbiy keskinlikni kamaytiradigan mexanizmlarni ishlab chiqadimi, hali noma’lum.
Ilon Mask trillioner maqomini yo‘qotdi
Endi yer sharining ham trillioneri bor. Dunyo milliarderlari reytingida yillar davomida yetakchilik qilib kelayotgan Ilon Mask 2026 yilning iyun oyida tarixiy marrani zabt etdi. U dunyoda boyligi rasman 1 trillion dollardan oshgan ilk inson sifatida tarixga kirdi. Biroq Mask bu cho‘qqida ko‘p o‘tira olmadi, oradan ko‘p o‘tmay AQSH fond bozoridagi pasayish va texnologik kompaniyalar aksiyalarining keskin qadrsizlanishi oqibatida Maskning boyligi yana trillion dollarlik chegaradan pastga tushdi.
Ilon Maskning tarixiy natijaga erishishida asosiy omil u asos solgan SpaceX kompaniyasining fond bozoriga chiqishi bo‘ldi. 12 iyun kuni kompaniyaning Nasdaq birjasidagi IPO jarayoni investorlar kutganidan ham muvaffaqiyatli kechdi. Savdolarning ilk kunlaridayoq SpaceX’ning bozor kapitallashuvi qariyb 1,77 trillion dollarga yetdi. Kompaniyaning qariyb 41 foiz ulushiga egalik qiluvchi Maskning shaxsiy boyligi ham keskin oshib, 1,11 trillion dollardan yuqoriga ko‘tarildi.
SpaceX qiymatining rekord darajaga chiqishida kompaniyaning so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatlari muhim rol o‘ynadi. Starlink sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘ining global kengayishi, Starship dasturining tijorat bosqichiga yaqinlashayotgani hamda NASA va Pentagon bilan tuzilgan yirik shartnomalar investorlar ishonchini sezilarli darajada oshira oldi. Natijada kompaniya dunyoning eng qimmat xususiy texnologik korxonalaridan biriga aylandi.
Biroq moliya bozorlari rekordlarni qanchalik tez yaratsa, ularni shunchalik tez yo‘qqa ham chiqarishi mumkin. AQSH texnologik sektori aksiyalaridagi umumiy pasayish SpaceX va Tesla qimmatli qog‘ozlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Investorlarning foyda olish maqsadida aksiyalarni ommaviy sotishi fonida SpaceX aksiyalarining qiymati 30 foizdan ortiq pasaydi. Tesla aksiyalaridagi arzonlashuv esa Maskning “trillioner” maqomidan mahrum qildi.
Ammo Ilon Mask hanuz o‘yinda. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, uning boyligi qariyb 950 milliard dollar atrofida baholanmoqda. Hanuz u Yer sharining eng boy insoni va o‘zining eng yaqin ta’qibchilaridan ham yuzlab milliard dollarga oldinda.
Starmer iste’foga chiqdi
Buyuk Britaniyada navbatdagi siyosiy inqiroz. 2024-yilgi parlament saylovlarida Leyboristlar partiyasini tarixiy g‘alabaga olib chiqqan va konservatorlarning 14 yillik hukmronligiga yakun yasagan Bosh vazir Kir Starmer lavozimini tark etishini e’lon qildi. Hali vakolati tugamasdan, lavozimga kelganiga ikki yil ham bo‘lmasdan navbatdagi iste’fo muammo nomzodlarda emas, tizimda ekanligini yana bir bor isbotladi.
Starmer 22 iyun kuni Dauning-stritdagi qarorgohi oldida qilgan murojaatida iste’fo qarorini mamlakat va partiya manfaatlari yo‘lida qabul qilganini bildirdi.
“Men saylov tugaguniga qadar Bosh vazir lavozimida qolaman. Va hokimiyatning tartibli ravishda topshirilishini ta’minlash uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman”, dedi u.
Aslida Starmerning iste’fosi kutilmagan voqea emas. So‘nggi oylar davomida uning hukumatiga nisbatan noroziligi tobora kuchayib bordi. Leyboristlar partiyasi mahalliy saylovlarda ketma-ket og‘ir mag‘lubiyatlarga uchradi. Partiya Angliyada mingdan ortiq mahalliy kengash o‘rinlarini yo‘qotdi, Shotlandiyadagi natijalari tarixdagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biriga aylandi, Uels parlamenti ustidan nazoratni ham boy berdi. Bu natijalar partiya ichida Starmer endi navbatdagi umumiy saylovlarda g‘alaba qozona olmasligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Siyosiy bosimni kuchaytirgan yana bir omil – Leyboristlar safida muqobil liderning paydo bo‘lishi bo‘ldi. Manchesterning sobiq meri Endi Bernham qo‘shimcha saylovda parlamentga qaytgach, ko‘plab deputatlar aynan uni partiyaning yangi rahbari sifatida ko‘ra boshladi. Vazirlar Mahkamasining ayrim a’zolari ham Starmerga iste’fo muddatini e’lon qilish zarurligini ochiq ayta boshladi. To‘rt kichik vazir allaqachon lavozimini tashlab ketdi. Partiya ichidagi bu bosim oxir-oqibat Bosh vazirni lavozimini tark etish qarorini qabul qilishga majbur qildi.
Ammo asl muammo butunlay boshqa. Britaniya siyosatini o‘rganuvchi olim Ben Uordi bu holatni uch omil bilan izohlaydi: muvaffaqiyatsizlik, deputatlar bilan munosabatning yomonlashuvi va siyosiy maydonning parchalanishi. Uning fikricha Leyboristlar partiyasining o‘zida ko‘plab deputatlar Starmerning siyosatiga ishonchsizlik bilan qaraydi, uning dasturi yaxshiroq bo‘lgani uchun emas, Sunak ma’muriyatidan norozilar ko‘p bo‘lgani uchun g‘alaba unga nasib etganiga ishonadiganlar ham bisyor.
Starmerning iste’fosi Buyuk Britaniyadagi so‘nggi o‘n yillik siyosiy beqarorlikning navbatdagi ko‘rinishi sifatida baholanmoqda. 2016 yildan buyon mamlakatda ketma-ket bir necha Bosh vazir almashdi va ularning aksariyati muddatini to‘liq yakunlay olmadi. Bu esa Brexitdan keyingi siyosiy tizim hali ham barqaror muvozanatga erisha olmayotganining belgisidir.
London osmonida ajdarho ko‘rinish berdi
Londondan uzoqlashmaymiz, 22 iyun kuni shahar osmoni bo‘ylab ajdaho parvoz qildi. Bu holat tasvirlangan videolar internetda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Dastlab ko‘pchilik buni sun’iy intellekt yordamida yaratilgan video yoki kompyuter grafikasi deb o‘yladi. Ammo keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, bu HBO kompaniyasining “Ajdar xonadoni” serialining uchinchi mavsumi chiqishi arafasida loyiha ijodkorlari tomonidan yaratilgan noodatiy reklama kompaniyasi ekan. Loyiha mualliflari serialdagi asosiy ajdaholardan biri – Siraksning ulkan nusxasini yaratib, uni London minorasi uzra parvoz qildirgan va shu tariqa millionlab insonlarni serialga qiziqishini oshirgan.
Germaniyaning “Airstage” aviatsiya mutaxassislari tomonidan yaratilgan ushbu ajdaho, ma’lumotlarga ko‘ra, qanotlari yoyilganda 8 metrni tashkil etadi, umumiy vazni esa 13 kg bo‘lgan, hamda soatiga 35 kilometrgacha tezlikda ucha oladi. Qurilma uglerod tolasi (karbon) hamda alyuminiydan ishlangan skelet va vakuum yordamida shakllantirilgan “Depron” ko‘pigi yordamida qo‘lda ishlangan mayda detallardan foydalanilgan holda uch oy davomida yasalgan.
Ma’lum qilinishicha, ulkan mexanik Siraks modeli Temza daryosi ustida oldindan rejalashtirilgan uchta parvozni amalga oshirgan. U London Tauer qal’asi atrofida aylanib uchgan, so‘ngra qal’a hududi tomon pastlab kelib, maxsus olovli shou ham taqdim etgan.
Tashkilotchilar parvozdan so‘ng London minorasida maxsus tadbir ham o‘tkazdi. Unda serial aktyorlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va muxlislar ishtirok etgan. Tadbir davomida uchinchi mavsum haqida yangi tafsilotlar taqdim etildi hamda tomoshabinlar uchun maxsus uchrashuv tashkil qilindi.
Internetda bu videolar virus kabi tarqalib ketdi. Ba’zi internet foydalanuvchilari ajdahoning haqiqiy ekaniga ishonmaganini yozgan bo‘lsa-da, ko‘plab kino ixlosmandlari uni so‘nggi yillarda kino industriyasida o‘tkazilgan eng muvaffaqiyatli reklama kampaniyalaridan biri deb baholamoqda.
Shu tariqa, London osmonida bir necha daqiqa davom etgan ajdaho parvozi oddiy shou emas, balki butun dunyo e’tiborini o‘ziga qaratgan, puxta o‘ylangan marketing kampaniyasiga aylandi.
39 soniyalik apokolipsis
Ba’zan bir necha yillik urushlar keltirgan talafotlarni tabiiy ofatlar bir necha soniyalarda keltirishi mumkin. Venesuela so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik tabiiy ofatlardan birini boshidan kechirmoqda. Mamlakat shimolida yuz bergan ketma-ket kuchli zilzilalar minglab oilalarni boshpanasiz qoldirdi, yuzlab insonlarning hayotiga zomin bo‘ldi. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan tirik qolganlarni qidirishda davom etar ekan qurbonlar soni ham tobora ortib bormoqda.
Falokat 24 iyun kuni mahalliy vaqt bilan kechki soat 18:04 da sodir bo‘ldi. Dastlab magnitudasi 7,2 bo‘lgan kuchli zilzila qayd etildi. Oradan atigi 39 soniya o‘tib esa undan ham kuchliroq – 7,5 magnitudali ikkinchi yer silkinishi mamlakat shimolini larzaga soldi.
Mutaxassislar ushbu ikki zarba so‘nggi yuz yildan ortiq vaqt ichida nafaqat Venesuelada, balki butun Janubiy Amerikada kuzatilgan eng kuchli seysmik hodisa bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Zilzilaning epitsentri mamlakat shimolidagi hududlarda joylashgan bo‘lsa-da, uning kuchi poytaxt Karakas va boshqa yirik shaharlarda ham yaqqol sezildi. Eng katta talafot La Guayra shtati hamda unga tutash aholi punktlarida kuzatildi. Ko‘p qavatli turar joylar, mehmonxonalar, maktablar va ma’muriy binolar soniyalar ichida qulab tushdi. Ayrim hududlarda elektr energiyasi, aloqa va ichimlik suvi ta’minoti butunlay izdan chiqqan. Ma’lumotlarga ko‘ra, minglab odamlar tun bo‘yi parklar, stadionlar va ochiq maydonlarda qolishga majbur bo‘lmoqda, chunki takroriy zilzilalar xavfi saqlanib qolyapti.
Dastlabki ma’lumotlarda o‘nlab qurbonlar haqida xabar berilgan bo‘lsa, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etgani sari bu raqam keskin oshmoqda. Avvaliga yuzlab, keyin esa qariyb 600 nafarga yaqin inson halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Minglab fuqarolar turli darajadagi tan jarohati oldi. Vayronalar ostida qolganlar soni hali ham aniq emasligi sababli rasmiylar qurbonlar soni yana ortishi mumkinligini aytishmoqda.
Tabiiy ofat nafaqat insonlar hayotiga, balki mamlakat infratuzilmasiga ham og‘ir zarba berdi. Yuzlab binolar butunlay vayron bo‘ldi, ko‘priklar va avtomobil yo‘llari zarar ko‘rdi, ayrim shifoxonalar faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Ayrim maktab va sport inshootlari vaqtinchalik boshpana markazlariga aylantirildi. Venesuela hukumati eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarda favqulodda holat e’lon qildi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, mamlakat iqtisodiy inqiroz sabab yillar davomida infratuzilmaga yetarli sarmoya kirita olmagani tabiiy ofat oqibatlarini yanada og‘irlashtirgan. Seysmik talablarga javob bermaydigan eski binolar kuchli silkinishlarga bardosh bera olmagan.
Mana shunday fonda kechagina mamlakatga bostirib kirib prezidentni “o‘g‘irlab” ketgan AQSH Venesuelaga o‘z yordamini taklif qildi. AQSH rahbari Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yordamga tayyor ekanligini yozgan.
“Venesuelaning buyuk xalqini larzaga keltirgan ikkita kuchli zilzila juda ulkan miqyosda sodir bo‘ldi va ko‘plab insonlarning o‘limiga sabab bo‘ldi. AQSH yordam berishga tayyor, buni xohlaydi va bunga qodir! Men hukumatimizning barcha idoralariga tezkor choralar ko‘rishga tayyor turish bo‘yicha ko‘rsatma berdim”, deya yozgan Tramp.
Har qanday siyosiy nizoni bir chetga surgan holda aytish mumkinki, bunday vaziyatlarda insonga faqat inson yordam berishi mumkin. Marhum shoir Muhammad Yusuf aytganidek, “mehr qolur, muhabbat qolur”.
Qariyalar ham ishlaydi
Yevropaning eng yirik iqtisodiyotlaridan biri bo‘lgan Germaniya bugun keksayib borayotgan aholi va ortib borayotgan pensiya xarajatlari sabab tarixiy islohot ostonasida turibdi. Mamlakat hukumati huzuridagi Pensiya xavfsizligi komissiyasi pensiya tizimini tubdan o‘zgartirishni taklif qilmoqda. Eng bahsli taklif esa shubhasiz pensiya yoshini bosqichma-bosqich 70 yoshgacha oshirishdir.
Hozirda Germaniyada rasmiy pensiya yoshi bosqichma-bosqich 67 yoshga ko‘tarilmoqda va bu jarayon 2031 yilda yakunlanishi belgilangan. Qayd etilishicha, Germaniya kansleri Fridrix Mers pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha ekspertlar komissiyasining takliflarini ma’qullagan. Ushbu takliflar 2090 yillarning boshlariga borib pensiya yoshini bosqichma-bosqich taxminan 70 yoshgacha oshirishni ko‘zda tutadi.
Mazkur tashabbusning asosiy sababi Germaniyadagi demografik vaziyatdir. Mamlakatda tug‘ilish darajasi uzoq yillardan beri pastligicha qolmoqda, umr ko‘rish davomiyligi esa ortib bormoqda. Natijada, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar soni kamaymoqda, pensiya yoshiga yetayotgan fuqarolar esa tobora ko‘payib, bozor bo‘sh qolmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2040 yilga borib, bugungi ishchi kuchining qariyb 30 foizi pensiya yoshidan oshgan bo‘ladi va ularga uzoq muddat nafaqa to‘lash davlat byudjetiga ortiqcha bosim beradi.
Axir Germaniya nafaqat oylik maosh, balki nafaqalar ham baland mamlakatlardan hisoblanadi.
Biroq tashabbus Germaniyada keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda. Kasaba uyushmalari va muxolifat vakillari jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar 70 yoshgacha ishlashi amalda juda qiyin ekanini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, bunday islohot turli kasb egalari uchun teng sharoit yaratmaydi va eng og‘ir yuk aynan og‘ir jismoniy mehnat qiladigan qatlam zimmasiga tushadi. Shuningdek, muddatidan oldin pensiyaga chiqish imkoniyatlarining bekor qilinishi ham jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Shunga qaramay, Germaniya Kansleri Fridrix Mers pensiya islohotini kechiktirish mumkin emasligini takrorlashda davom etmoqda. Uning fikricha, bugungi qiyin qarorlar qabul qilinmasa, kelajakda davlat pensiya tizimini moliyalashtirish yanada murakkablashadi.
Ruminiya Moldova bilan birlashmoqchi
Sharqiy Yevropada uzoq yillardan beri vaqti-vaqti bilan kun tartibiga chiqadigan masala yana siyosiy tus oldi. Ruminiya parlamentining quyi palatasi Moldova bilan birlashishga oid qonun loyihasini ma’qullagani mintaqada qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Hozircha hujjat yakuniy kuchga ega emas va Senat tomonidan ham ko‘rib chiqilishi kerak. Shunga qaramay, bu qadam ikki davlatning kelajagi borasidagi bahslarni yana jonlantirdi.
Xo‘sh nega bu ikki davlat birlashmoqchi? Bu savolga javob topish uchun avvalo bu ikki davlatning tarixiy ildiziga nazar tashlash kerak. Hozirgi Moldova hududining katta qismi tarixan Bessarabiya deb atalgan va u Moldaviya knyazligi tarkibida bo‘lgan. 1812 yilda bu hudud Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinadi. Birinchi jahon urushidan keyin, 1918 yilda Bessarabiya Ruminiya bilan birlashadi.
Biroq bu birlik uzoq davom etmaydi. 1940 yilda Sovet Ittifoqi hududni qayta egallab, Moldaviya SSRni tashkil etadi. 1991 yilda SSSR parchalangach, Moldova mustaqil davlat sifatida dunyo xaritasida paydo bo‘ladi.
Bugungi kunda ham ikki mamlakatni umumiy til, madaniyat va tarix bog‘lab turadi. Moldovada davlat tili rumin tili hisoblanadi, millionlab Moldova fuqarolari Ruminiya fuqaroligini ham olgan. Shu sababli Ruminiyadagi ayrim siyosiy kuchlar ikki davlatning alohida yashashi tarixiy adolatsizlik oqibati ekanini ta’kidlab, yagona davlat g‘oyasini ilgari suradi.
Biroq bu siyosiy yurish ortida aslida yanada muhimroq bir sabab bor. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Sharqiy Yevropadagi xavfsizlik masalasini so‘roq ostiga olib qo‘ydi. Moldova uzoq yillardan beri Rossiya ta’siri va Yevropa integratsiyasi o‘rtasida muvozanat izlab kelmoqda. Mamlakat Prezidenti Maia Sandu boshchiligidagi hukumat esa Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni asosiy strategik maqsad deb biladi. Ayrim siyosatchilar nazarida, agar Kiyev va Kishinyovning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayoni turli sabablarga ko‘ra cho‘zilib ketsa, Ruminiya bilan birlashish Moldova uchun “zaxira reja” bo‘lishi mumkin. Ya’ni Moldova davlati bugun Rossiya tazyiqidan qochish va YeI tarkibiga kirish uchun davlat sifatida butkul yo‘q bo‘lishga ham tayyor.
Ruminiya uchun ham bunday ssenariy bir nechta afzalliklarga ega. Birinchidan, u tarixiy birlik g‘oyasini amalga oshirish imkonini beradi. Ikkinchidan, Ruminiyaning geosiyosiy mavqei mustahkamlanadi, YeI va NATOning sharqiy chegaralari yanada kengayadi. Uchinchidan, Rossiya ta’sirining kamayishi G‘arb davlatlarining mintaqadagi strategik manfaatlariga ham mos keladi.
Shu bilan birga, bu tashabbusni hamma ham qo‘llab-quvvatlamasligini unutmaslik kerak. Moldovada jamiyati bu masalada ikkiga bo‘lingan. Garchi so‘nggi yillardagi birlashuv tarafdorlarining soni oshayotgan bo‘lsa-da, aholining sezilarli qismi hanuz mustaqil davlat maqomini saqlab qolish tarafdori. Bunga mamlakatdagi rusiyzabon aholi, Gagauziya avtonom hududi va Dnestryani mojarosi kabi omillar ham ta’sir qilmoqda. Ayniqsa, Rossiya qo‘llab-quvvatlaydigan Dnestryani hududining maqomi har qanday birlashuv jarayonidagi eng murakkab masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasining qabul qilinishi avtomatik ravishda ikki davlat birlashishini anglatmaydi. Hujjat avvalo Ruminiya Senati tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Hatto u to‘liq tasdiqlangan taqdirda ham, bunday tarixiy qaror Moldova tomoni roziligisiz amalga oshirilishi mumkin emas. Aksariyat ekspertlar bunday jarayon referendum, konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar va xalqaro muzokaralarni talab qilishini ta’kidlamoqda.
Siyosiy tahlilchilar yaqin yillarda to‘liq birlashuv yuz berish ehtimolini past baholamoqda. Bunga ichki siyosiy qarama-qarshiliklar, Dnestryani muammosi, Rossiyaning ehtimoliy qarshiligi hamda xalqaro huquqiy jarayonlarning murakkabligi sabab bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, Moldova va Ruminiya o‘rtasidagi birlashishga urinish shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun kuchsiz davlatlar Rossiya tazyiqidan shu qadar qo‘rqib qolganki, unga qarshi turish uchun boshqa bir davlatga qo‘shilib ketishga ham rozidek.
Qisqacha qilib aytganda, Yaqin Sharqda urush qisqa tin olgan bo‘lsa, Sharqiy Yevropadagi mojaro butun mintaqani xavotirga solishda davom etmoqda. Xulosa shuki, dunyoda liberalizm, gumanizm, patsifizm kabi har qancha –izmlar paydo bo‘lmasin, baribir kuchlilar bilganini qiladi.
Live
Barchasi