Mask Oq uyga qaytmoqda: u kelajak urushlari dasturi ustida ishlaydi
Olam
−
10:01 609 3 daqiqa
Amerikalik milliarder va tadbirkor Ilon Mask Donald Tramp administratsiyasida yangi ishni o‘z zimmasiga olmoqda: u Pentagonga Amerika qo‘shinlariga kelajak urushlarini olib borish uchun qanday qurol va texnologiyalar kerak bo‘lishini aniqlashda yordam beradi. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset “Meridian” loyihasi – Pentagonning bo‘lajak urushlar frontlari va zarur imkoniyatlarni aniqlash bo‘yicha tashabbusi boshlanganini e’lon qilgan. Ishga Mudofaa vaziri o‘rinbosari Emil Maykl rahbarligi ostida SpaceX asoschisi Ilon Mask, Anduril asoschisi Palmer Laki va Vakillar palatasining sobiq spikeri Nyut Gingrich jalb etilgan.
Hegsetning so‘zlariga ko‘ra, guruh 120 kun davomida “urushlar, hududlar va texnologiyalar trayektoriyasini xaritalashtiradi”, shundan so‘ng xulosalar ommaviy ravishda taqdim etiladi va maxfiy ilova yaratiladi. Hegset loyiha ko‘lamini “Yer qa’ridan to Oygacha” qamrab oluvchi deb ta’riflagan.
“Biz mustaqil qo‘mondonlik haqida o‘n yil oldin o‘ylashimiz kerak edi. Biz endi “progressivlar” bo‘limi yoki “ojizlar” bo‘limi emasmiz. Hech qanday semizlar, stajyorlar, soqollilar, noziktabiatlar, radikallar bo‘lmaydi. Faqat jangchilar”, deydi Hegset.
Ushbu tashabbus kengroq islohotning bir qismiga aylangan: “avtonom urush”ning yangi to‘rt yulduzli qo‘mondonligi (AUTOWARCOM) yaratilmoqda va qo‘shinlarning barcha turlarida “avtonom harbiy xizmatchilar” uchun karera yo‘nalishlari joriy etilmoqda.
Mask va Laki Pentagon bilan hamkorlik qilish tajribasiga ega: SpaceX yirik pudratchi hisoblanadi, Anduril esa avtonom qurol va ilg‘or tizimlarni ishlab chiqadi. Ularning ishtiroki manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli haqidagi savollarni keltirib chiqarishi mumkin.
Hegset ishlar zudlik bilan boshlanishini, Mask, Laki va Gingrich bilan uchrashuv chiqish maydonchasi yaqinidagi “xavfsiz joyda” bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, “Meridian” loyihasi strategiya yoki siyosatni ishlab chiqmaydi, balki bo‘lajak qurol-yarog‘ tizimlarini “ochish, ishlab chiqish va joriy etish” uchun ustuvor sohalar va zarur imkoniyatlarni aniqlaydi. Tashabbus Hegsetning Kvantiko bazasida yosh yetakchilarga – E-6 serjantlari va O-3 ofitserlariga qaratilgan qurolli kuchlarning ahvoli haqidagi ikkinchi yillik nutqida taqdim etilgan.
Qayd etish joiz, Ilon Mask Donald Tramp prezidentlik lavozimiga qaytganida uning atrofidagi eng ta’sirli shaxslardan biri hisoblanar edi. Tadbirokor bir necha oy davomida hukumat ishini maqbullashtirish departamentiga (DOGE) rahbarlik qildi, biroq ko‘p o‘tmay u va Tramp o‘rtasida nizo kelib chiqdi. Shundan so‘ng Mask administratsiyani tark etdi.
2026 yilning yozida Amerika OAVlari Tramp va Mask munosabatlarni qayta tiklagani haqida yozdi. Xabar qilinishicha, tadbirkor kongressga saylovlar oldidan Respublikachilar partiyasini moliyalashtirishni qayta boshlashni rejalashtirmoqda.
O‘tgan haftada Mask Trampning XXR Raisi Si Szinpin sharafiga uyushtirgan davlat qabulida ishtirok etdi, may oyida esa Trampning Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida unga hamrohlik qilgan biznes-delegatsiya tarkibida Air Force One maxsus samolyoti bortida Pekinga uchib borgan edi.
Live
BarchasiTo‘qayev Putinni atoqli davlat arbobi deb atadi
29 Sentyabr