AQSH Ukrainaning “nonini yarimta qildi”
Olam
−
09:15 1186 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kongressdagi taqiqni chetlab o‘tib, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan 52 million dollar miqdoridagi harbiy yordam mablag‘larini Lotin Amerikasi davlatlariga yo‘naltirdi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mablag‘ Panama, Peru, Ekvador va Kolumbiyaga yo‘naltirilgan. Dastlab ushbu pullar Slovakiya, Shimoliy Makedoniya, Tunis va Iroqqa ajratilgan edi. Slovakiya va Shimoliy Makedoniyaga mo‘ljallangan mablag‘larning bir qismi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatilishi kerak bo‘lgan.
AQSH Davlat departamenti sentyabr oyida Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga ajratilishi rejalashtirilgan bir necha o‘n million dollarni Lotin Amerikasidagi loyihalarga yo‘naltirish rejasini Kongressga bildirgan. Departament bu qarorni narkoterrorizmga qarshi kurash zarurati bilan izohlagan.
Biroq senator Jinn Sheyxin va Vakillar palatasi a’zosi Gregori Miks mazkur qarorni to‘xtatishni talab qilgan. Ularning tashabbusi bilan mablag‘larni qayta yo‘naltirish jarayoni vaqtincha to‘xtatilgan.
“Washington Post”ga ma’lum qilgan manbalarga ko‘ra, ma’muriyat joriy yilning 30 sentyabr kuni kechqurun Kongressni qaror haqida yashirin ravishda xabardor qilgan va taqiqni chetlab o‘tib, mablag‘larni qayta yo‘naltirishni davom ettirgan.
Qarorga qarshi chiqqan qonunchilar AQSH Davlat kotibi Marko Rubioga maktub yo‘llab, bunday qadam Kongress tomonidan joriy etilgan taqiq hamda mablag‘lardan maqsadli foydalanish talablariga zid ekanini bildirgan.
Nashrning yozishicha, Iroq va Tunisga ajratilgan mablag‘lar boshqa qonunlar asosida moliyalashtirilgani sababli Kongress taqiqiga kirmagan. Shunga qaramay, ushbu pullar mazkur davlatlar uchun murakkab davrda – AQSHning Eron bilan urushi va Amerika qo‘shinlarining Iroqdan olib chiqilishi jarayonida boshqa davlatlarga yo‘naltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti Ukrainaga umumiy qiymati 2,68 milliard dollar bo‘lgan o‘q-dorilarni sotish va havo mudofaasi tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish mumkin bo‘lgan bitimni ma’qullagandi.
Live
BarchasiTo‘qayev Putinni atoqli davlat arbobi deb atadi
29 Sentyabr