Transport-logistika markazlari ayrim soliqlardan ozod qilinadi
Jamiyat
−
12:29 316 1 daqiqa
O‘zbekistonda 2040 yilgacha transport-logistika markazlari yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan to‘liq ozod qilinadi. Bu haqda Prezident joriy yilning 12 oktyabr kuni qabul qilgan “Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish (TOS) va omborni boshqarish (WMS) tizimlari joriy etiladi hamda ular 2030 yil oxirigacha Transport vazirligining “E-logistika” platformasiga ulanadi.
2040 yilgacha transport-logistika markazlari yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan to‘liq ozod qilinadi (buning uchun markaz ESKATO quruqlik portlari to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan, tizimlarni joriy etgan va “E-logistika” platformasida “BB” va undan yuqori reytingga ega bo‘lishi shart).
Bundan tashqari, transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan markazlar uchun 2029 yil 1 avgustgacha ishlab chiqarilmaydigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va extiyot qismlar bojxona bojidan va majburiy sertifikatlashdan ozod qilinadi.
Qarorga ko‘ra, 2027 yil 31 dekabrgacha M₂, M₃, N toifadagi transport vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar respublikada ishlab chiqarilmaydigan komponentlarni bojxona boji to‘lashsiz import qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy yil 1 noyabrdan xalqaro kurerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun amaldagi bojxona yig‘imi stavkasi 20 foizga pasaytirilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi