Trampning maxsus vakili Ukrainadagi urushni tugatish rejalarini aytdi
Olam
−
09 yanvar
5390Respublikachi Donald Trampning inauguratsiyasidan keyin AQSHning Ukraina bo‘yicha maxsus vakiliga aylanadigan Kit Kellogg urushni 100 kun ichida tugatish uchun yechim topmoqchi. Bu haqda iste’fodagi general “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Kellogg AQSH saylangan prezidentining Jo Baydenga yo‘llagan tanqidini qo‘llab-quvvatladi. Bo‘lajak maxsus vakilning so‘zlariga ko‘ra, Baydenning asosiy xatosi shundaki, u ikki yildan ortiq davom etgan keng ko‘lamli urush davomida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan hech qachon gaplashmagan.
“Prezidentning [Tramp] qilayotgan ajoyib ishi shundaki, u ham raqiblar, ham ittifoqchilar bilan gaplashadi. U bu oson emasligini biladi, lekin u yakuniy natijaga erishish uchun odamlar bilan gaplashish kerak deb hisoblaydi va u shunday qiladi ham”, deya ta’kidladi Kellogg.
Uning aniqlik kiritishicha, amerikalik amaldorlar Tramp Putin bilan ham, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham gaplashishi uchun “zarur sharoitlarni” yaratadi.
“O‘ylaymanki, ular qisqa muddatda maqbul yechimga keladi. Qisqa muddat haqida gapirganda, men shaxsiy darajada, professional darajada maqsad qo‘ymoqchiman, aytmoqchimanki, keling, 100 kun belgilab, shu vaqt bo‘yicha harakat qilaylik”, dedi Kellogg.
Uning tushuntirishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish AQSH milliy xavfsizligi uchun muhim va Amerika manfaatlarining bir qismidir.
Ukraina bo‘yicha bo‘lajak maxsus elchi Tramp Rossiyaga yon bermoqchi emasligini ham aytdi.
“Menimcha, odamlar bilishi kerakki, Tramp Putinga ham, rossiyaliklarga ham biror narsa bermoqchi emas. U Ukrainani qutqarib, suverenitetini saqlab qolishga harakat qilmoqda”, dedi Kellogg.
Oldinroq AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp amaldagi Prezident Jo Bayden ma’muriyatini Ukraina atrofida olib borayotgan siyosati uchun tanqid qilgan edi. Uning fikricha, Oq uy Kiyevning NATOga kirishi mumkin bo‘lgan muzokaralarda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ygan, Putin esa, uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina alyans bilan hech qanday aloqaga ega bo‘lmasligi kerakligini doimo ta’kidlab kelgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Baydenning bu kabi bayonotlari urushga olib kelgan.
Uning Vladimir Putin bilan uchrashishi mumkinligi haqidagi savolga Tramp:
“Buni sizga ayta olmayman, lekin Putin uchrashishni xohlashini bilaman”, deya javob qaytargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp yaqin olti oy ichida Rossiya va Ukraina o‘rtasida murosaga erishishni kutayotganini aytgandi. Jurnalistlarning bu davlatlar o‘rtasida 2022 yil 24 fevralda boshlangan urush qachon tugaydi? degan savoliga u “Umid qilamanki, olti oy ichida”, deb javob berdi. Trampning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bu masalani muhokama qilish uchun u bilan “uchrashishni xohlaydi”, biroq Amerika yetakchisi 20 yanvar kuni o‘tkaziladigan inauguratsiyasi oldidan bunday aloqalarni istisno qilgan.