Trampning kelini Respublikachilar milliy qo‘mitasi hamraisi bo‘ldi
Olam
−
09 mart
6850Respublikachilar milliy qo‘mitasi a’zolari Xyustonda bo‘lib o‘tgan qurultoyda partiyaning yangi rahbariyatini sayladi, uning tarkibiga AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampning kelini ham kirdi. Bu haqda NBC telekanali xabar berdi.
Qo‘mita a’zolari bir ovozdan Shimoliy Karolinadan Maykl Uotlini Respublikachilar milliy qo‘mitasining yangi raisi, Lara Trampni esa uning hamraisi etib sayladi. Telekanalga ko‘ra, bu ichki partiyaviy o‘zgarishlar Donald Tramp haqiqatda “Respublikachilar milliy qo‘mitasini o‘z qo‘liga olgani”ni ko‘rsatadi.
Raisning saylanishi Uotli va sobiq hamrais Dryu Makkissik o‘rtasidagi qisqacha yetakchilik kurashidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Tramp Shimoliy Karolinadagi respublikachini ochiq ma’qullaganidan keyin Makkissik o‘z nomzodini qo‘yishdan bosh tortdi.
“USA Today” nashrining yozishicha, yangi rahbarlik davrida "partiya apparati faqat Trampning advokatlik to‘lovlari va saylovoldi xarajatlarini to‘lashi uchun pul yig‘ish mashinasiga aylanadi".
Shu bilan birga, Lara Tramp yangi hamrais sifatidagi birinchi nutqida “faqat qaynotasi uchun emas, barcha nomzodlar uchun ishlashga” va’da berdi.
Eslatib o‘tamiz, 5 mart kuni Tramp Alabama, Alyaska, Arkanzas, Virjiniya, Kaliforniya, Kolorado, Massachusets, Minnesota, Men, Oklaxoma, Shimoliy Karolina, Tennessi, Texas va Yuta shtatlarida bo‘lib o‘tgan birlamchi saylovlar (praymerizlar) va partiya faollari (kakuslar) yig‘ilishlarida AQSHning BMTdagi sobiq vakili Nikki Xeylini mag‘lub etdi. Xeyli uni faqat Vermontda mag‘lub etdi. “Super seshanba”dan so‘ng Xeyli o‘zining saylovoldi kampaniyasi to‘xtatilganini e’lon qildi, bu esa Trampni Respublikachilar partiyasidan saylovda asosiy nomzodga aylantirdi.
LiveBarchasi