Trampning G‘azo bo‘yicha rejasi Ukrainaga ham ta’sir qilishi mumkin – Uitkoff
Olam
−
30 Sentabr 2025 4439 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va Falastin-Isroil mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilishga oid rejasi Ukraina inqirozini hal etish jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoff “Fox News”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Prezident umumiy tinchlikni istaydi. Bu faqat G‘azo haqida emas, balki u Yaqin Sharqning boshqa hududlariga qanday tarqalishi haqida ham. Bu hatto Rossiya va Ukrainaga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, degan AQSH vakili.
Uitkoffning ta’kidlashicha, Trampning tashabbusini ham Fors ko‘rfazi mamlakatlari, ham Yevropa davlatlari qo‘llab-quvvatlamoqda.
“Times of Israel” ma’lumotlariga ko‘ra, Uitkoff yil oxirida lavozimini tark etishi mumkin.
Qayd etish joiz, Tramp Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashdi. Bu 2025 yilda isroillik yetakchining AQSHga to‘rtinchi tashrifi. Muzokaralarning asosiy mavzusi – AQSH tomonidan ishlab chiqilgan 21 banddan iborat tinchlik rejasi bo‘ldi. U BMT Bosh Assambleyasi doirasida arab va musulmon davlatlariga taqdim etilgan.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, rejaning dastlabki bosqichida Isroil kuchlari orqaga qaytadi va 72 soat ichida garovdagi shaxslar ozod qilinadi. Evaziga Isroil umrbod jazoga hukm qilingan 250 nafar falastinlik mahbus va yana 1700 nafar qo‘lga olingan shaxsni ozod qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Doha shahriga qilingan havo hujumi uchun Katardan uzr so‘ragandi. Netanyaxu Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdulrahmon bin Jassim Ol Soniy bilan telefon orqali suhbatda mamlakat suvereniteti buzilgani uchun uzr so‘ragan va hujum vaqtida halok bo‘lgan xavfsizlik xizmatchisi uchun afsus bildirgan.
Live
Barchasi