Trampga sud hukmi o‘qildi

Olam

image

Bugun, 10 yanvar kuni Nyu-York shtati sudyasi Xuan Merchan AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampni pornoaktrisa Stormi Deniyelsga to‘lovlar bo‘yicha hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topdi va uning shartsiz ozod qilinishini tayinladi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Shu tariqa, 20 yanvar kuni Tramp AQSH tarixida jinoyat bo‘yicha sudlangan holda lavozimga kirishgan birinchi prezidentga aylanadi. Bungacha hech bir prezident jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgach, ushbu lavozimni egallamagan. AQSH konstitutsiyasi sudlangan shaxslarga prezidentlikka nomzodini qo‘yish yoki ushbu lavozimni egallashni taqiqlamaydi.

Ma’lumot uchun, 2024 yilning may oyida hakamlar hay’ati Trampni siyosatchi bilan munosabatlari haqida sukut saqlagani uchun pornoaktrisa Stormi Deniyelsga 130 ming dollar to‘laganini yashirish uchun biznes yozuvlarini soxtalashtirishda barcha 34 ta ayblovda aybdor deb topdi. Hukm avvaliga 11 iyulga belgilangan edi, biroq sudya Xuan Merchan uni bir necha bor, jumladan, AQSHdagi prezidentlik saylovlari tufayli keyinga qoldirdi.

“Associated Press” agentligining qayd etishicha, Tramp o‘z lavozimiga kirishgan va og‘ir jinoyatlarda ayblangan birinchi AQSH prezidenti bo‘ldi. Trampga qadar AQSHning birorta prezidenti – sobiq yoki amaldagi – jinoyatda ayblanmagan yoki hukm qilinmagan.

Ma’lumot o‘rnida, shartsiz ozod qilish bu sud hukmi bo‘lib, unda ayblanuvchi jinoyatda aybdor deb topiladi, lekin unga hech qanday jazoni o‘tash yoki boshqa shartlarni bajarish yuklatilmaydi.

Bu hukm odatda quyidagi holatlarda qo‘llanadi:

  • Jinoyat nisbatan yengil bo‘lsa;
  • Ayblanuvchi qayta jinoyat sodir etish ehtimoli past deb hisoblanilsa;
  • Sud jazoni bajarishdan foyda yo‘q deb topsa.

Bunday hukm chiqarilganda, ayblanuvchining jinoyati sud qarorida qayd etiladi, lekin unga jarima, qamoq yoki boshqa jazo chorasi tatbiq qilinmaydi. 

Eslatib o‘tamiz, Xuan Merchan Donald Trampga Stormi Deniyelsga to‘lovlar bo‘yicha hujjatlarni qalbakilashtirish ishi bo‘yicha hukm chiqarishni 10 yanvarga tayinlagani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing