Trampga qarshi ishda ikkinchi ayol paydo bo‘ldi

Olam

image

AQSH sobiq prezidenti Donald Trampga qarshi sud ishi asosan porno aktrisa Stormi Deniyelsga qilingan to‘lovga qaratilgan edi. Biroq kecha, 4 aprel kuni prokuror boshqa ayolni ham tilga oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Hujjatlarga ko‘ra, Tramp nomidan Karen Makdugalga ham to‘lov qilingan. U “Playboy” jurnalining modeli bo‘lib ishlagan va Stormi Deniyels singari Tramp bilan ishqiy munosabatda bo‘lganini da’vo qilgan.

Karen Makdugal Indiana shtatining Geri shahrida tug‘ilgan, bolaligida Michiganga ko‘chib o‘tgan. U birinchi marta 20 yoshlarida suzish kiyimlari musobaqalarida modellik qilishni boshlagan. Keyinchalik Makdugal “Playboy”ga qo‘shilgan, 1998 yilda jurnalda muaffaqiyat qozona boshlagan.  Shuningdek, u fitnes-model sifatida ham ishlagan va 1999 yilda “Men’s Fitness” jurnalining muqovasida paydo bo‘lgan birinchi ayolga aylangan. Bunlan tashqari, Karen Makdugal televideniye reklamalarida va 2000 yilda “Charlining farishtalari” filmida ham rol o‘ynagan.

2006 yilda Makdugal Tramp bilan Los-Anjelesdagi “Playboy” saroyida uchrashgan. U yerda Tramp “The Apprentice” teledasturini suratga olayotgan bo‘lgan.

“U darhol meni yoqtirib qoldi, men bilan gaplashishni davom ettirdi. Menga qanchalik go‘zal ekanligimni aytdi”, degan Makdugal mahalliy nashrlarga.

Uning ta’kidlashicha, Karen Makdugal va Donald Tramp 10 oy davomida o‘zaro aloqada bo‘lgan.  Sobiq model Tramp bilan bir oy ichida kamida besh marta ko‘rishganini da’vo qilgan. 

2016 yilgi prezidentlik saylovlari arafasida Makdugal o‘z hikoyasini faqat “The National Enquirer” gazetasiga aytib berish uchun 150 000 dollarlik shartnoma imzolagan. Shartnoma unga yuqoridagi aloqalari haqida boshqa OAV yoki shaxslarga ochiq gapirishni taqiqlagan. Biroq, maqola hech qachon nashr etilmagan. “The National Enquirer” hikoyani qasddan sotib olib, keyin uni yo‘q qilgan va buni Tramp haqidagi salbiy voqealarni bostirish uchun amalga oshirganini tan olgan.

2021 yilda esa AQSH Federal saylov komissiyasi “The National Enquirer” nashriyotchisi Makdugalning hikoyasi uchun unga haq to‘lab, biroq maqolani hech qachon nashr etmagan holda saylov qonunlarini buzganini aniqlagan. Komissiyaning ma’lum qilishicha, 2016 yilgi prezidentlik saylovlarida Makdugalga to‘langan pullar saylov kampaniyasiga noqonuniy hissa bo‘lgan. Shuning uchun nashriyot 187 500 dollar jarimaga tortildi.

2018 yilda esa Makdugal Trampning rafiqasi Melaniyadan o‘z iddaolari uchun ochiqchasiga uzr so‘ragan.

“Kechiring. Men o‘zimga bunday qilishlarini xohlamagan bo‘lardim. O‘tmishga qarasam, o‘sha paytda rostan ham noto‘g‘ri ish qilganimni tushunaman. Men bundan juda afsusdaman. Bu noto‘g‘ri ish ekanini bilaman”, degan u.

Donald Tramp esa har doim Makdugal bilan aloqasi borligini inkor etib keladi va sudda ham o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlar qatori buni ham rad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Donald Trampga nisbatan ish ochilgach, u AQSH tarixida jinoiy javobgarlikka tortilgan ilk prezident bo‘lgandi. Kecha, 4 aprel kuni esa u hibsga olinib, suddan so‘ng qo‘yib yuborilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

sud AQSh Tramp Karen Makdugal Stormi Deniels

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing