Trampda qon tomiri bilan bog‘liq kasallik aniqlandi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampda oyoqlaridagi yengil shishlar fonida “doimiy venoz yetishmovchiligi” (chronic venous insufficiency, CVI) aniqlandi. Bu haqda bugun, 18 iyul kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp so‘nggi haftalarda oyoqlarida yengil shishni payqagan va to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv natijalari CVI tashxisini ko‘rsatgan. Bu, Livitt ta’kidlaganidek, xavfsiz va 70 yoshdan oshganlar orasida keng tarqalgan holatdir. Tramp hozirda 79 yoshda.

16 iyul kuni Trampning Bahrayn valiahd shahzodasi Salmon bin Hamad al-Xalifa bilan uchrashuvi chog‘ida oyog‘ida shish mavjudligi aks etgan surat tarmoqlarda tarqaldi va bu ham odamlarda uning sog‘lig‘i borasidagi qiziqishni yanada oshirdi. Bungacha esa Trampning o‘ng qo‘lidagi ko‘karish va shishlar aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda turli mish-mishlarga sabab bo‘lgandi. Livitt bu holatni “qo‘l berib ko‘p kishilar bilan ko‘rishish” va “aspirin qabul qilish” bilan izohladi. Ma’lumki, Tramp yurak xuruji va insult xavfini kamaytirish uchun aspirin qabul qiladi.

Prezident shifokori Shon Barbabellaning Oq uy e’lon qilgan maktubiga ko‘ra, Tramp umumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan: qon tahlillari, yurak exokardiografiyasi va boshqa tekshiruvlar ham normal chiqqan. Unda tromb yoki arteriya muammolari aniqlanmagan. 

“Prezident Tramp hali ham ajoyib darajada sog‘lom”, deb yozgan Barbabella.

Jons Xopkins tibbiyot markazining ma’lumotlariga ko‘ra, CVI – bu oyoq tomirlari qonni yurakka qaytarishda qiynalishi bilan tavsiflanadigan holat bo‘lib, insonga jiddiy tibbiy xavf solmaydi. Stenford universiteti tibbiyot maktabi esa CVI natijasida oyoqlarda shish, noqulaylik va jiddiy hollarda yallig‘lanishli yaralar paydo bo‘lishi mumkinligini qayd etadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing