Tramp jamoasi muhojirlarni deportatsiya qilish uchun davlatlar ro‘yxatini tuzmoqda

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning jamoasi vatani ularni qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda, muhojirlarni deportatsiya qilish mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini tuzmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, NBC News telekanali xabar berdi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, bu ro‘yxatga Bagama orollari, Panama, Grenada va Terk hamda Kaykos orollari (Buyuk Britaniya hududi) kabi davlatlar kiritilgan. Tramp jamoasi ushbu davlatlar bilan deportatsiya reyslarini qabul qilish bo‘yicha kelishuvlar tuzish uchun muzokaralarni boshlagani aytilmoqda.

Bundan tashqari, Tramp Meksikadan faqat meksikalik muhojirlarni emas, boshqa millat vakillarini ham qabul qilishga rozi bo‘lishini talab qilmoqchi. Kelgusidagi Oq uy rahbari Meksika hukumatini bunga ko‘ndirish oson bo‘lmasligini tan olib, tariflar joriy etish bilan tahdid qilishni bosim vositasi sifatida qo‘llashi mumkin.

Ma’lumot uchun, migratsiya inqirozi Qo‘shma Shtatlardagi saylov kampaniyasining asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Respublikachilar bunga oid muammolarning keskin kuchayishida Jo Bayden administratsiyasi va demokratlarni aybladi. Tramp o‘zining ommaviy chiqishlarida bir necha bor inauguratsiyadan so‘ng AQSH tarixidagi eng keng qamrovli noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish operatsiyasini amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp o‘zining Oq uydagi ilk ish kunida immigratsiya qonunchiligini kuchaytirish va Jo Baydenning asosiy muhojirlarni qabul qilish dasturlarini tugatishga qaratilgan bir qator choralarni amalga oshirishi mumkinligi xabar qilingan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp muhojirlar deportatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing