Tramp Yevropaga 4 iyulgacha muhlat berdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqiga savdo kelishuvini to‘liq amalga oshirish uchun 4 iyulgacha muhlat berdi. U aks holda Yevropa mahsulotlariga nisbatan yanada baland tariflar joriy etilishini aytdi. Bu haqda AQSH Prezidenti Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bilan telefon orqali suhbatdan keyin ma’lum qildi.

Trampning bayonoti Yevropa Ittifoqi va AQSH o‘rtasidagi savdo munosabatlaridagi taranglik kuchayib borayotgan bir paytda yangradi. Joriy yilning 1 may kuni u Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan avtomobillarga bojlar 15 foizdan 25 foizga oshirilishini aytgan edi. Endi esa bu tahdid 4 iyulga qadar kechiktirildi.

Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Yevropa Ittifoqi Shotlandiyaning Ternberri shahrida tuzilgan savdo kelishuvi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishini uzoq kutganini yozgan.

“Yevropa Ittifoqi kelishuvga ko‘ra tariflarini nolga tushirishga va’da bergan edi. Men unga mamlakatimiz 250 yilligini nishonlaydigan 4 iyulgacha vaqt berishga rozi bo‘ldim. Aks holda, ular uchun tariflar darhol ancha yuqori darajaga ko‘tariladi ”, degan u.

O‘tgan yozda erishilgan kelishuvga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi AQSH tovarlariga nisbatan qolgan tariflarni qisqartirish majburiyatini olgan. Evaziga AQSH Yevropa mahsulotlarining aksariyati uchun 15 foizlik yagona tarif joriy qilishga rozi bo‘lgan. Bu qo‘shimcha bojlar yig‘ilib ketishining oldini olishi kerak edi.

Hozirda Yevropa parlamenti va a’zo davlatlar tariflarni bekor qilishga imkon beradigan qonunchilik ustida muzokara olib bormoqda. 6 may kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuniy kelishuvsiz tugagan bo‘lsa-da, ishtirokchilar 19 maygacha yechim topilishi mumkinligini aytmoqda.

Agar Tramp kelishuvni buzsa yoki Yevropa Ittifoqi hududiy yaxlitligiga tahdid qilsa, xavfsizlik kafolatlarini kiritish kelishuvdagi asosiy bahsli masala bo‘lmoqda. Bu Trampning avvalroq Daniyaga qarashli Grenlandiyani kuch bilan egallash haqidagi bayonotlaridan keyin yanada dolzarblashgan. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar esa hujjatning dastlabki matnini saqlab qolish va kelishuvni tezroq amalga oshirish tarafdori.

Ursula fon der Lyayen ham ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida qonunchilik o‘z vaqtida qabul qilinishiga ishonch bildirgan.

“Biz har ikki tomondan ham kelishuvni amalga oshirishga to‘liq sodiqmiz. Iyul boshiga qadar tariflarni qisqartirish bo‘yicha yaxshi siljish kuzatilmoqda”, degan u.

Tramp “ajoyib” deb atagan telefon muloqoti hozircha ikki tomon o‘rtasidagi taranglikni yumshatgan ko‘rinmoqda. Bryusseldagi aksariyat diplomatlar va rasmiylar Trampning oldin ham bir necha bor keskin tahdidlar qilib, keyin fikrini o‘zgartirganini eslatib, 25 foizlik tariflar amalga kirishiga ishonmayotganini bildirgan.

Suhbat davomida Yaqin Sharqdagi mojaro ham muhokama qilingan.

“Biz Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerak degan fikrda birdammiz. O‘z xalqini o‘ldirayotgan rejim millionlab odamlarni o‘ldirishi mumkin bo‘lgan bombaga ega bo‘lmasligi kerak”, degan Tramp.

Fon der Lyayen ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen AQSH Prezidenti Donald Trampning Yevropa avtomobillariga bojni oshirish tahdidiga keskin javob bergandi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Evropa Evropa Ittifoqi Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing