Tramp Yevropa yetakchilariga Putin urushni tugatmoqchi emasligini aytdi – WSJ

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 19 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan so‘ng Yevropa yetakchilariga Putin urushni to‘xtatmoqchi emasligini, chunki u g‘olib bo‘lishga ishonishini aytgan. Bu haqda voqeadan xabardor manbalarga tayanib, “Thye Wall Street Journal” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Tramp bu fikrni birinchi marta oshkora aytgan. Yevropa yetakchilari esa Putinning bunday maqsadini allaqachon tushunib yetgan. Shuningdek, bu Trampning ilgari ochiq aytgan fikrlariga zid keladi. Chunki u ilgari bir necha marta Putinning tinchlikni chin dildan istashiga ishonishini bildirgan. Biroq ushbu tushuncha Trampni Yevropa davlatlari va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy istagan yo‘nalishda – Rossiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga undamagan.

Nashrga ko‘ra, Tramp Putin bilan telefon suhbati arafasida Yevropa yetakchilari bilan qo‘ng‘iroqlashgan va suhbat davomida agar Putin o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, unga nisbatan sanksiyalar kiritilishi mumkinligini bildirgan. Biroq joriy yilning 19 may kuni u fikrini o‘zgartirib, bu rejadan voz kechgan va buning o‘rniga Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida Vatikan hududida past darajadagi muzokaralarni boshlashni istashini ma’lum qilgan.

“Shu bilan birga, Yevropa tomoni bu vaziyatda ma’lum foyda ham ko‘rdi. Endi Putinning pozitsiyasi barchaga, jumladan Trampga ham ravshan bo‘ldi, ya’ni Rossiya rahbari hozircha urushni to‘xtatmoqchi emas. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, endilikda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash asosan Yevropaning zimmasiga tushmoqda”, deyiladi xabarda.

Manbalardan birining bildirishicha, Yevropa yoki Ukraina pul to‘lashda davom etsa, Tramp ma’muriyati qurol-yarog‘ eksportini to‘xtatmaydi.

Bundan tashqari, Tramp endi Rossiya muzokaralarni buzsa ham unga qarshi sanksiyalar kiritish masalasiga qiziqmayapti. Chunki uning asosiy maqsadi AQSHda biznesni rivojlantirish va amerikaliklar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni maksimal kengaytirish bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Vladimir Putin bilan Ukrainadagi Rossiya urushini tartibga solish masalasida telefon orqali muloqot qilgandi. Suhbatdan so‘ng Putin uni “ochiq va mazmunli” deb atagan va Tramp Rossiyaning Ukrainadagi inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilishga sodiqligini tan olganini ta’kidlagan. Trampning o‘zi esa Truth Social'dagi sahifasida Putin bilan suhbat “juda yaxshi” o‘tgani va uning “ohangi va ruhi” “a’lo darajada” ekanini yozgan edi.

Jaloliddin Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Putin urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing