Tramp YeI va Apple’ga yana boj solish bilan tahdid qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 1 iyunidan boshlab Yevropa Ittifoqi (YeI) mahsulotlariga 50 foiz boj solig‘ini joriy etishni taklif qildi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
 
Nashrga ko‘ra, kecha, 23 may kuni Donald Tramp Yevropa Ittifoqidan keladigan barcha tovarlarga 50 foizlik to‘g‘ridan to‘g‘ri boj joriy etishni taklif qilgan. Bu taklif 1 iyundan amalga oshirilishi mumkin. 

Tramp Yevropa Ittifoqi AQSHga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘layotganini va AQSHning YeIga avtomobil sotishini cheklayotganini ta’kidlagan.

“Men shunchaki aytdim. Endi bu o‘yinni o‘z uslubimda o‘ynash vaqti keldi. Men bitim izlayotganim yo‘q. Biz bitimni belgilab qo‘ydik – bu 50 foiz. Lekin yana takrorlayman, agar ular o‘z zavodlarini bu yerda qursalar, boj yo‘q”, degan Qo‘shma Shtatlar Prezidenti.

Yevropa Ittifoqining savdo bo‘yicha komissari Marosh Shefchovich kecha, 23 may kuni AQSHning savdo vakili Jeymison Grir va AQSH Savdo vaziri Govard Lyutnik bilan o‘tkazilgan telefon suhbatida Yevropa Komissiyasi ikki tomon uchun maqbul bitimga erishishga to‘liq sodiq ekanini bildirgan. U, shuningdek, YeI va AQSH o‘rtasidagi savdo “tahdidlar emas, balki o‘zaro hurmat” asosida olib borilishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

U, shuningdek, Apple kompaniyasini ogohlantirib, AQSH iste’molchilari tomonidan xarid qilingan barcha import iPhone’lariga 25 foiz boj solinishi mumkinligini aytgan.

Trampning Apple’ga nisbatan “hujumi” kompaniyani ishlab chiqarishni AQSHga ko‘chirishga undashga qaratilgan navbatdagi harakati bo‘lib, avvalroq avtomobil ishlab chiqaruvchilar, farmatsevtika kompaniyalari va chip ishlab chiqaruvchilar ham shunday bosimga uchragan. Biroq AQSHda hozircha smartfonlar ommaviy ishlab chiqarilmaydi, garchi AQSH iste’molchilari har yili 60 milliondan ortiq telefon xarid qilishsa ham. Tahlillarga ko‘ra, ishlab chiqarishni ko‘chirish iPhone narxining yuzlab dollarga oshishiga olib kelishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni Oq uy 185 davlatdan import qilinadigan mahsulotlarga yangi tarif tizimini joriy etgandi. Umumiy import boji stavkasi 10 foizni tashkil qiladi, ayrim mamlakatlar uchun esa yanada yuqori bo‘ladi. Bu yagona tarif tizimi 5 apreldan kuchga kirdi. Yaponiyaga nisbatan esa qo‘shimcha 24 foizlik tarif belgilangani aytilgan. 

Biroq AQSH hukumati muzokaralar o‘tkazish uchun 90 kunlik kechiktirish muddatini ham belgilagan. Shunga qaramay, Vashington allaqachon avtomobillar va ehtiyot qismlar  uchun 25 foizlik boj stavkasini amaliyotga joriy eta boshladi.

Jaloliddin Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Donal'd Tramp boj Apple

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing