Tramp yana Afg‘onistondagi bazaga ko‘z tikyapti

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp hukumat Afg‘onistondagi Bagram aviabazasini qaytarib olish ustida ishlayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 18 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan Londonda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Trampning aytishicha, Bagram dunyodagi eng yirik aviabaza hisoblanadi.

“Biz Bagramni o‘zimizda qoldirmoqchimiz. Uni shunchaki topshirib qo‘ydik. Aytgancha, biz uni qaytarib olishga urinyapmiz. Bu kichkinagina sensatsiyaga aylanishi mumkin”, degan Oq uy rahbari. 

U, shuningdek, AQSH bazani qaytarib olishga intilayotganining sababi Xitoy bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan. 

“Buni qaytarib olishni xohlaymiz, chunki ular bizdan nimanidir kutyapti. Bazani qaytarishimizning sabablaridan biri – u Xitoy o‘z yadro qurolini ishlab chiqaradigan joydan atigi bir soatlik masofada joylashgani”, degan Tramp. 

AQSH rahbari bu so‘zlari bilan Xitoyni ham sirtdan nazorat qilmoqchi ekanini ko‘rsatib qo‘ygan. Aslida, Trampning yaqin oylar ichida Xitoyga nisbatan ishonchi yo‘qoldi. Bunga Xitoyning so‘nggi oylardagi bo‘ysunmaslik prinsipi, bojlarga qarata bosh egmaslik va AQSHga yaqin bo‘lmagan davlatlar bilan muloqotda bo‘lishi sabab bo‘lgan. 

Ma’lumot uchun, 2001–2021 yillarda Bagram aerodromi AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning eng yirik bazasi bo‘lgan. 2021 yilda amerikaliklar uni tark etgan, aynan o‘sha yilning yoz oyida esa baza “Tolibon” muvaqqat hukumatining qo‘liga o‘tgan edi. 

2021 yilning 14 aprelida AQSHning 46-prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi operatsiyani yakunlashni e’lon qilgan edi. Bu AQSH tarixidagi eng uzoq xorijdagi harbiy kampaniya bo‘lib, u 2001 yil oktyabrida boshlangan. Kampaniyaning eng yuqori cho‘qqisi paytida (2010–2013 yillarda) mamlakatda xalqaro kuchlar soni 150 mingdan oshgan edi. Asosiy AQSH va NATO bo‘linmalari 2014 yilda chiqib ketgan, so‘nggi amerikalik askarlar esa 2021 yil sentyabr boshida Afg‘onistonni butunlay tark etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” muvaqqat hukumat matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid AQSHning Afg‘onistondagi Bagram bazasini qayta nazoratga olishi Prezident Donald Trampning “tushi” ekani va u shundayligicha qolishini aytgandi. Mujohid, shuningdek, Trampning Bagram bazasi hozir Xitoy tomonidan boshqarilayotgani haqidagi da’volarini ham rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston NATO Donal'd Tramp Bagram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing