Tramp va Zelenskiy uchrashuvi og‘ir o‘tdi – OAV
Olam
−
18 Oktabr 9249 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv og‘ir va tarang o‘tdi. Bu haqda AQSHning “Axios” nashri xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, uchrashuv yaxshi yakun topmagan. Ular bir-biriga dushmanona qarash bilan ochiq uchrashuvlarni yakunlagan.
“Hech kim baqirmadi, lekin Tramp juda qattiq ohangda gapirdi. Ba’zi paytlarda Trampning so‘zlari juda keskin bo‘lib, holat biroz ehtirosli tus oldi”, deyiladi xabarda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar 2,5 soatdan so‘ng tugagan. Zelenskiy AQSHdan Tomahawk raketalarini yetkazib berishni so‘ragan, biroq Tramp bu masalada murosasizlik qilib, rad javobi bergan.
CNN esa uchrashuvni “tarang va noqulay” deb ta’riflagan.
Uchrashuvdan so‘ng Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirib, Rossiya va Ukraina “hozirgi chiziqda to‘xtashi” va kelishuvga erishishi kerakligini yozdi. U uchrashuvni “juda qiziqarli va samimiy” deb atadi.
Zelenskiy esa brifingda Trampning fikriga qisman qo‘shilgan.
“Ha, Tramp haq. Hozirgi sharoitda biz xalqimiz uchun to‘xtashimiz, keyin esa uzoq muddatli tinchlik sari qanday qadamlar qo‘yish haqida gaplashishimiz kerak”, deya fikr bildirgan Ukraina Prezidenti.
Uchrashuvdan oldin Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashgan edi. Ular Budapeshtda uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi.
Putinning yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Rossiya rahbari Trampni Ukrainaga Tomahawk raketalarini yetkazish AQSH–Rossiya munosabatlariga jiddiy zarar yetkazishi haqida ogohlantirgan. Putin, shuningdek, bu raketalar “jang maydonidagi kuchlar muvozanatini o‘zgartira olmasligini” aytib, ularni urib tushirishga tayyorligini bildirgan.
Live
Barchasi