Putin Trampni ogohlantirdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbat chog‘ida AQSHning Ukrainaga Tomahawk turidagi qanotli raketalarni yetkazib berish ehtimoli ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy zarar yetkazishi, qolaversa, Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish istiqbollariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. Bu haqda kecha, 16 oktyabr kuni Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Suhbatda Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi qanotli Tomahawk raketalarini yetkazib berish masalasi ham muhokama qilindi. Vladimir Putin bu raketalar urush maydonidagi vaziyatni o‘zgartirmasligi, ammo bunday qaror Rossiya va AQSH munosabatlariga katta zarar yetkazishini, qolaversa, tinchlik muzokaralari imkoniyatlarini ham yo‘qqa chiqarishini ta’kidladi”, degan Ushakov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Donald Tramp bugun, 17 oktyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishini aytgan va Putin bildirgan fikrlarni inobatga olishini ma’lum qilgan. Ushakovning ushbu fiklarini ko‘pchilik “Putin Trampni qo‘rqitib qo‘ydi” deya talqin qilmoqda. Tramp tomoni esa bunday “o‘dag‘aylash” haqida lom-mim demagan. 

Ma’lumot uchun, bugungi Tramp va Zelenskiy uchrashuvida Ukrainaga Tomahawk raketalarini berish masalasi muhokama qilinishi mumkin. Putin bilan bo‘lgan suhbatdan keyin Tramp Zelenskiyga ushbu muloqot haqida ertasi kuni ma’lum qilishini va’da bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Vengriya poytaxti Budapeshtda uchrashish va yangi muzokaralar o‘tkazishga kelishib olgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Tomahawk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing