Tramp va uning o‘g‘illari firibgar deb topildi

Olam

image

Nyu-York sudi AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp va uning uch o‘g‘lini firibgarlikda aybdor deb topdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Sudya Artur Engoron bosh prokuror Letitiya Jeymsning qisqacha hukm chiqarish haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirib, Tramp va uning o‘g‘illarini Nyu-York shtati qonunlarining “tizimli ravishda buzilishi uchun qonuniy javobgar” deb topgan.

Unga ko‘ra, qariyb o‘n yil davomida Tramplarning banklar va sug‘urtachilarga taqdim etgan moliyaviy hisobotlari soxta bo‘lgani aniqlangan. Sudyaning ta’kidlashicha, shu tariqa Tramplar bir necha bor firibgarlik qilgan. Bosh prokuror 250 million dollar tovon puli, Tramplarning Nyu-Yorkdagi biznes yetakchilari sifatida faoliyat yuritishini taqiqlashni va kompaniyaga besh yil davomida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmaslik jazosi tayinlanishini so‘ragan. 

Shtat Oliy sudi sudyasi Tramp o‘zining soxta moliyaviy hisobotlarini qonuniy himoya qilishini Chiko Marksning “O‘rdak sho‘rvasi” komediyasidagi “Kimga ishonasiz – mengami yoki o‘z ko‘zingizga?” degan satriga qiyoslagan.

Tramp advokati Kristofer Keys esa bu qarorni “faktlar va qonunlarga mutlaqo aloqasi yo‘q” deb atagan. 

“Ushbu qarorning to‘liq ta’siri noma’lum bo‘lib qolsada, aniq narsa shundaki, prezident Tramp va uning oilasi ushbu adolatsizlikni tuzatish uchun barcha choralarni qidiradi”, degan Keys. 

Bildirilishicha, sud qarori Bosh prokuratura o‘zining dastlabki ikki da’vosida g‘alaba qozongani va ma’lum miqdorda tovon puli olishini anglatadi – sud jarima miqdorini keyinroq belgilaydi. 

“Bloomberg”ning aniqlik kiritishicha, bu fuqarolik da’vosi va sud qarori yakuniy emas – ish 2 oktyabrda yana davom etadi. Hozirda sud Tramp hamda sobiq prezidentning o‘g‘illari Erik va kichik Donald hujjatlarni tayyorlashda aktivlarni va sof qiymatni oshirib yuborish orqali banklar, sug‘urtachilar va boshqalarni aldagan, degan xulosaga kelgan. 

“The New York Times”ning yozishicha, Tramp o‘z aktivlarini 2,2 milliard dollarga oshirib ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirgacha sobiq prezident Donald Trampga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochilgan. Bular maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash, moliyaviy hisobotlarini soxtalashtirish, 2020 yilgi saylovlarda mag‘lub bo‘lganiga qaramay, hokimiyatda qolishga va saylovlardagi mag‘lubiyatini bekor qilishga urinish hisoblanadi. Avvalroq Tramp Jorjiya shtatidagi Fulton okrugi qamoqxonasiga borib, u yerda 2020 yilgi saylovga aralashish ishi bo‘yicha rasmiy ravishda hibsga olingandi. Ammo u 200 ming dollar garov evaziga ozod qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp N'yu-York

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing