Tramp va Xegset o‘rtasida dahanaki jang bo‘ldi – WP
Olam
−
15:27 5554 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush fonida o‘q-dorilar tanqisligi sababli Pentagon rahbari Pit Xegsetdan tushuntirish berishni talab qildi. Bu haqda ikki manbasiga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan haftada Kemp-Devidda bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida Tramp Xegsetdan nima uchun o‘q-dorilarning keskin yetishmovchiligi borasida chalg‘itilganini tushuntirib berishni so‘ragan. Prezident tanqislik muammosi allaqachon hal qilingan deb hisoblagan bo‘lgan.
Bunga javoban Pentagon rahbari, nashr suhbatdoshlarining aytishicha, o‘zini himoya qilib, mas’uliyatni o‘z o‘rinbosari Stiven Faynbergga ag‘darishga uringan.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt “The Washington Post” manbalarining gaplarini “feyk” deb atagan.
“Bunday narsa umuman bo‘lmagan. Prezident Tramp Xegsetga to‘liq ishonadi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Pentagon ham Tramp va Xegset o‘rtasidagi dahanaki jang, shuningdek, AQSHda o‘q-dorilar tanqisligi haqidagi xabarlarni “uydirma” deb atagan. AQSH yetakchisining o‘zi snaryadlar yetishmovchiligi haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, mamlakatda “o‘q-dorilarning ulkan zahiralari” borligini yana bir bor ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda bu kabi ma’lumotlarni tarqatayotganlar qidirilmoqda.
Qayd etish joiz, Pit Xegset Eronga qarshi harbiy harakatlarning asosiy tarafdorlaridan biri hisoblanadi. “The Washington Post”ning yozishicha, u Donald Trampni Tehron ustidan qozoniladigan g‘alaba tez va nisbatan yengil bo‘lishiga ishontirgan. Biroq fevral oyida boshlangan urush hanuzgacha davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxiri – avgust oyi boshida AQSH Eronni bombardimon qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Tramp bunday qaror muzokaralardagi ilgarilash fonida qabul qilinganini tushuntirdi. Amerika OAVlari manbalari esa zarbalardan voz kechishning haqiqiy sababi AQSH Eron bilan urushda deyarli barcha raketa zahirasini ishlatib bo‘lganida deb ta’kidlamoqda.
Live
Barchasi