Tramp va fon der Lyayen Rossiya hamkorlarini boj bilan jazolashni muhokama qildi
Olam
−
29 iyul 2025 2684 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen 27 iyul kuni Shotlandiyada bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Rossiyaning savdo hamkorlariga nisbatan AQSHning 100 foizlik tariflarini joriy etish muddatlarini qisqartirish masalasini muhokama qildi. Bu haqda bugun, 29 iyul kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda Yevrokomissiya matbuot kotibi Stefan De Keyersmaker ma’lum qildi.
“Ha, bu masala maslahatlashuvlar chog‘ida ko‘tarildi”, dedi u AQSH tomonidan Yevropa Ittifoqiga va’da qilingan tariflarni pasaytirish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida Tramp va fon der Lyayen Rossiyaning savdo hamkorlariga nisbatan AQSH bojlarini joriy etishni tezlashtirish masalasini muhokama qilgani haqidagi savolga javob berarkan.
Tramp avvalroq Rossiya va Ukrainaga kelishuvga erishish uchun 50 kun berishini, shundan so‘ng Moskva va uning savdo hamkorlariga qarshi 100 foizlik savdo tariflarini joriy etish niyatida ekanini aytgan edi.
Biroq kecha, 28 iyul kuni Amerika yetakchisi Rossiya va mojaroni hal qilishda erishilgan yutuqlardan hafsalasi pir bo‘lganini va shu bois muddatni 10-12 kunga qisqartirganini aytdi.
Bundan tashqari, Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan endi gaplashishdan manfaatdor emasligini aytdi, biroq qanday aloqalar va qaysi mavzuni nazarda tutganini tushuntirmadi.
Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov shundan so‘ng Kreml Trampning bayonotini “e’tiborga olgani” va mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini, biroq Rossiya o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun urushni davom ettirishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, 27 iyul kuni AQSH Yevroittifoq bilan savdo bitimi tuzgandi. Unga ko‘ra, Yevroittifoq AQSHdan 750 milliard dollarlik energiya resurslarini xarid qilishga va AQSH iqtisodiyotiga yana 600 milliard dollar sarmoya kiritishga rozi bo‘lgan. Shuningdek, Bryussel “juda katta miqdorda” harbiy texnika xarid qiladi. Kelishuv doirasida AQSH Yevroittifoqdan keladigan importning katta qismiga, jumladan, avtomobillarga 15 foizlik boj joriy qiladi.
Live
Barchasi