“Tramp – urush jinoyatchisi”. Minglab amerikaliklar AQSHning Eronga bergan zarbasidan norozi (video)
Olam
−
23 iyun 8519 2 daqiqa
AQSH harbiylari tomonidan Eron yadroviy ob’ektlariga zarba berilgach, Nyu-Yorkda AQSH rahbari Donald Trampga qarshi namoyishlar boshlandi. Bu haqda kecha, 22 iyun kuni NBC News xabar berdi.
“Namoyishchilar Nyu-Yorkdagi Times Square va AQSHning turli hududlarida yig‘ila boshladi. Bu namoyishlar Tramp ma’muriyati tomonidan Erondagi yadroviy ob’ektlarga uyushtirilgan zarbalarga javoban bo‘lib o‘tmoqda”, deyiladi xabarda.
Hodisa joyidan olingan videolarda namoyishchilar ko‘chalarda “Eron bilan urushga yo‘q” degan mazmundagi plakatlarni ko‘tarib turgani ko‘rinadi. Qolaversa, ular “Tramp – urush jinoyatchisi” yozuvlar yozilgan plakatlarni ham namoyish qilayotganini ko‘rish mumkin.
Ishtirokchilar nafaqat Nyu-Yorkning markaziy qismidagi Times Square, balki Vashingtondagi Oq uy atrofida, shuningdek, Massachusets shtatining Boston shahrida ham to‘plangan. Mitinglar Ogayo shtatining Sinsinnati shahrida ham o‘tkazilgani qayd etilgan.
Nyu-York ko‘chalarida bo‘lgan jurnalistning ta’kidlashicha, namoyishlar tinch yo‘sinda o‘tmoqda. Ko‘pchilik namoyishchilar AQSH harakatlari keng ko‘lamli va juda yomon oqibatlarga olib keluvchi urushga sababchi bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 iyun kuni Tramp AQSH xalqiga murojaat qilib, mamlakat Eronning uchta yadroviy ob’ektiga – Fordo, Natanz va Isfahonga zarba berganini e’lon qilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa xalqqa qilgan murojaatida Trampga bu hujumlar uchun minnatdorlik bildirgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSHning zarbalari uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishini aytdi. Shuningdek, Eron hukumati zarbalarga qaramay, yadroviy energiyani rivojlantirishdan voz kechmasligini ma’lum qildi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa AQSH tomonidan Eronning yadroviy ob’ektlariga uyushtirilgan hujumni “xalqaro tinchlik va xavfsizlikka bevosita tahdid” deb atadi.
Live
Barchasi