Tramp ukrainaliklarga urush tugaguncha AQSHda qolishga ruxsat berdi

Olam

image

Ukrainalik qochqinlar vatanida jangovar harakatlar tugaguncha AQSHda qolishlari mumkin. Bu haqda bugun, 30 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Trampdan ukrainalik qochqinlarga urush tugaguncha AQSHda qolishga ruxsat beriladimi, deya so‘ralgan.

“Biz buni qilamiz. Bizda Ukrainadan kelgan ko‘p odamlar bor va biz ular bilan ishlayapmiz”, degan Oq uy rahbari. 

Donald Tramp AQSH Prezidenti postiga qaytgach, anti-migrant siyosatini qattiq olib bormoqda. Inauguratsiyadan so‘ng u avvalgi prezident Jo Bayden tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Ukraina uchun birlik” (United for Ukraine, U4U) dasturini to‘xtatgan edi. Ushbu dastur ukrainaliklar va ularning yaqin qarindoshlari uchun moliyaviy homiylar mavjud bo‘lgan taqdirda ikki yil davomida AQSHda vaqtincha qolish imkonini bergan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilning sentyabriga kelib 150 mingdan ortiq kishi uning ishtirokchisiga aylangan.

“Reuters” xabariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Baydenning gumanitar dasturlari orqali AQSHga kirgan 240 mingga yaqin ukrainalikning vaqtinchalik huquqiy maqomini bekor qilishni rejalashtirgan. Biroq Oq uy bu ma’lumotni rad etib, uni “feyk xabar” deb atagan.

May oyida “The Washington Post” nashri Tramp ma’muriyati chet el yordami uchun ajratilgan 250 million dollargacha mablag‘ni qochqinlarni, jumladan, 200 ming ukrainalikni deportatsiya qilish uchun sarflashni rejalashtirgani haqida yozdi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 iyun kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida mahalliy aholi federal agentlarning immigratsiya qonunlarini qo‘llash operatsiyasiga qarshi chiqib, norozilik namoyishlarini boshlagandi. Buning ortidan esa shaharga 2000 nafar Milliy gvardiya xodimlarini kiritish buyurilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing