Tramp Ukrainadagi urushda Putin, Zelenskiy va Baydenni aybladi
Olam
−
15 aprel
2653Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Oq uyning sobiq rahbari Jo Bayden va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukrainada harbiy harakatlar boshlanishida aybdor. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Tramp kecha, 14 aprel kuni Oval kabinetida Salvador Prezidenti Nayib Bukele bilan bo‘lgan suhbatda C-SPAN telekanali bergan savolga ana shunday javob berdi.
Jurnalist Trampdan Sumiga qilingan hujumga izoh berib, sodir bo‘lgan voqeani xato deb ataganida nimani nazarda tutganiga oydinlik kiritishni so‘radi.
“Urush boshlanishiga ruxsat berish xato edi”, dedi Tramp.
U yana bir bor ta’kidlaganidek, agar u urush boshlanishi arafasida Qo‘shma Shtatlar Prezidenti bo‘lganida janglar hech qachon boshlanmasdi. Uning fikricha, Bayden neft narxini pasaytirishga erishish va shu orqali mojaroning oldini olish imkoniyatiga ega edi. Tramp o‘t ochishni to‘xtatishi uchun Putinga muddat belgilab berganini aytdi.
“Bayden ham, Zelenskiy ham buni to‘xtatishi mumkin edi, Putin esa urushni boshlamasligi kerak edi. Bularning hammasi aybdor”, dedi Oq uy rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH kelishuv bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyat qozonyapti va tez orada “yaxshi takliflar”ni ko‘rishini kutmoqda.
Zelenskiy avvalroq Ukraina AQSHdan 15 milliard dollarga 10 ta Patriot havo mudofaa tizimini sotib olishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yevropalik hamkorlar moliyalashtirishda yordam berishga tayyor.
“Men Qo‘shma Shtatlarning tanlovini hurmat qilaman, ammo Vashington bizga bunday tizimlarni bermasa yoki ularni sotmasa ham biz har qanday formatga tayyormiz, gap pulda emas”, degan edi Ukraina rahbari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 aprel kuni AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiyaga borgandi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi bunday muzokaralar Amerika va Rossiya rahbarlariga axborotni “birinchi qo‘ldan” olish imkonini beradi. Kreml vakilining aytishicha, Stiv Uitkoff bilan muzokaralarda Vladimir Putin va Donald Trampning ehtimoliy uchrashuvi batafsil muhokama qilinmagan.
LiveBarchasi