Tramp To‘qayevdan ham Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini so‘radi

Olam

image

O‘tgan oyda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Mazkur muloqot davomida Tramp To‘qayevdan Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini so‘ragani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda u “Ana tili” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

"Telefon suhbati chog‘ida Donald Tramp Ukrainadagi harbiy harakatlarni tugatish haqidagi qarashlarimiz haqida so‘radi. Bu mavzu men uchun yangilik emas, chunki 2024 yil davomida ko‘plab davlat rahbarlari va xalqaro tashkilotlar ham xuddi shunday savol bilan murojaat qilishgan. Vaziyat o‘ziga xos: Rossiya harbiy jihatdan yengilmas, Ukraina esa G‘arb ittifoqchilari yordamida urushdan omon qolishga, hech bo‘lmaganda uni boy bermaslikka umid qilmoqda", deydi To‘qayev.

Muloqot davomida Qozog‘iston yetakchisi muammoning o‘ta murakkabligini, uning yechimi ziddiyatli davlatlar rahbarlarining irodasi va xohishiga va, albatta, yetakchi kuch markazi sifatida Trampning o‘ziga ham bog‘liq ekanini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, Qozog‘iston Ukrainadagi jangovar harakatlar boshidanoq tinchlikka erishish uchun muzokaralarni boshlash tarafdori bo‘lgan.

"Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, biz xalqaro maydonda hech qayerda vositachi bo‘lishni so‘ramaymiz, lekin biz o‘zimizni Qozog‘istonning salohiyati va imkoniyatlariga muvofiq tutamiz hamda xalqaro muammolarni hal qilishda yordam berishga doimo tayyormiz. Gap shundaki, xalqaro maydondagi keskinlik Qozog‘istonning ayrim davlatlar bilan savdo-siyosiy munosabatlariga ta’sir qiladi, shuning uchun biz tashqi tendensiyalarning salbiy ta’sirini minimallashtirishga intilamiz. Qozog‘iston barcha manfaatdor davlatlar bilan pragmatik va o‘zaro manfaatli munosabatlar o‘rnatishni maqsad qilgan", deydi Prezident.

Shuningdek, u Tramp Qo‘shma Shtatlarning muhim strategik hamkori sifatida Qozog‘istonga ijobiy munosabatda ekaniga ishonch bildirdi. Shu bilan birga, To‘qayev Tramp va uning jamoasi xalqaro siyosatda yangi yondashuvlarni ilgari surishi, bu esa muqarrar ravishda dunyodagi vaziyatga ta’sir qilishini qo‘shimcha qildi.

"Men o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalaridan Qozog‘iston-Amerika munosabatlarini o‘rnatishda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldim. O‘ttiz yildan ortiq davom etgan o‘zaro hamkorlikda ustuvor yo‘nalishlar – savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik, yadroviy qurollarni tarqatmaslik va xavfsizlik bo‘yicha umumiy qarash vujudga keldi. Ushbu kun tartibi Oq uyning yangi ma’muriyati bilan birgalikdagi ishimizning asosini tashkil qiladi", dedi To‘qayev.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida “Washington Post” Tramp Yevropaning bir necha rahbarlari bilan suhbatlashib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyning “g‘alaba rejasi” haqida savollar berganini xabar qilgandi. Polsha Prezidenti Andjey Duda Tramp undan Ukrainadagi qarashlari, shuningdek, boshqa rahbarlarning pozitsiyalari haqida so‘raganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Qozog'iston Donal'd Tramp Ukraina Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing