Tramp Szinpin bilan uchrashdi

Olam

image

Bugun, 30 oktyabr kuni Janubiy Koreyaning Pusan shahridagi Kimxe harbiy aviabazasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va AQSH Prezidenti Donald Trampning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.

Amerikalik rahbar xitoylik hamkasbini kutib olib, Pekin va Vashington ko‘plab masalalarda kelishuvga erishgani hamda bu yo‘nalishda sammit davomida ham ish olib borilishini ta’kidlagan.

“Biz ayrim masalalarni muhokama qilamiz. Biz ko‘p narsalarda kelishib oldik, ayrim masalalarda esa hozir kelishamiz”, degan Oq uy rahbari. 

AQSH Prezidenti, shuningdek, Xitoy bilan savdo bitimi aynan shu uchrashuv yakunida imzolanishi mumkinligini istisno qilmagan. U har doim Si Szinpin bilan yaxshi munosabatlarda bo‘lganini qayd etgan. 

“Rais Si – buyuk davlatning buyuk yetakchisi. Ishonamanki, biz uzoq yillar davomida ajoyib munosabatlarga ega bo‘lamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp. 

O‘z navbatida, Si Szinpin Xitoy va AQSH bir-biriga yordam berib, muvaffaqiyat va farovonlikka erishishi mumkinligini aytgan. U so‘nggi yillarda doimo ochiqchasiga Xitoy va AQSH sherik va do‘st bo‘lishi kerakligini yoqlab kelganini eslatgan.

Shuningdek, Si Szinpin Xitoyning rivojlanishi va tiklanishi Trampning “Amerikani yana buyuk davlatga aylantirish” maqsadiga zid emasligini ta’kidlagan. 

“Men Prezident Tramp bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorman, bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar uchun mustahkam poydevor yaratadi va har ikki mamlakat rivoji uchun qulay sharoitlar yaratadi”, degan Xitoy yetakchisi. 

Qayd etish joiz, ikki davlat yetakchisining uchrashuvi mamlakatlar o‘rtasida sovuq kayfiyat paydo bo‘lgan bir davrda sodir bo‘lmoqda. 9 oktyabr kuni Xitoy Savdo vazirligi 8 noyabrdan boshlab o‘rta va og‘ir noyob yer elementlari, lityiy batareyalar, sun’iy grafit anod materiallari, shuningdek, noyob metall qazib olish va qayta ishlash uskunalari, xomashyo va yuqori mustahkam materiallar eksportiga nazorat o‘rnatilishini e’lon qilgandi.

Bunga javoban, AQSH Prezidenti Tramp 1 noyabrdan boshlab Xitoydan import qilinadigan ayrim tovarlarga 100 foizlik boj joriy etilishini ma’lum qildi. U bu qarorni “Xitoyning tajovuzkor pozitsiyasi” bilan izohladi.

Biroq AQSH rasmiylari keyinchalik bu chora vaqtincha kechiktirilishi, ikki mamlakat rahbarlari uchrashib, savdo masalalarini muhokama qilishlari uchun imkon berilishini bildirdi.

Ma’lumot uchun, ikki davlat yetakchisi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida ishtirok etmoqda. APEC 1989 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 21 ta mamlakat iqtisodiyotini birlashtiradi. U xalqaro tashkilot maqomiga ega bo‘lmasa-da, mintaqada savdo hamkorligini rivojlantirish uchun muhim maydon hisoblanadi. 2025 yilda sammitga raislik qilish huquqi Janubiy Koreyaga o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan Osiyoga uyushtirayotgan tashrifi chog‘ida uchrashuv tashkil eta olmaganini aytgandi. U, shuningdek, Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlardagi “tanglikni yumshatish” niyatida ekanini qo‘shimcha qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Janubiy Koreya Si Tszin'pin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing