Tramp Kim Chen In bilan kelisha olmadi
Olam
−
29 Oktabr 11326 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan Osiyoga uyushtirayotgan tashrifi chog‘ida uchrashuv tashkil eta olmaganini aytdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
“Men Kim Chen Inni juda yaxshi bilaman. Biz haqiqatan ham vaqt bo‘yicha kelisha olmadik”, deb aytgan Tramp.
U, shuningdek, Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlardagi “tanglikni yumshatish” niyatida ekanini qo‘shimcha qildi.
Tramp oldinroq Shimoliy Koreya yetakchisi bilan Osiyo safari chog‘ida, jumladan, Janubiy Koreyaga tashrifi oldidan yana uchrashishga tayyorligini bildirgan edi.
Tramp ertaga, 30 oktyabr kuni Janubiy Koreyada Xitoy rahbari Si Szinpin bilan ham uchrashishi rejalashtirilgan.
2018 yilning 12 iyun kuni Singapurda bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuvida AQSH va Shimoliy Koreya yetakchilari qo‘shma hujjat imzolagan edi. Shundan so‘ng Pxenyan Vashingtondan xavfsizlik kafolatlari evaziga Koreya yarimorolini yadrosizlantirishga rozi bo‘ldi. Tramp va Kim Chen Inning ikkinchi sammiti 2019 yil 27 fevral kuni Xanoyda bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Donald Tramp Janubiy Koreya yetakchisi Li Chje Myondan eng oliy mukofot – “Mugunxva” ordeni hamda qadimgi Silla tojining oltin nusxasini olgandi. Mukofot faqat mamlakatning eng nufuzli mehmonlariga beriladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Tramp uni Koreya yarimorolida tinchlik o‘rnatishga qo‘shgan hissasi uchun olgan. Bundan tashqari, toj AQSH va Janubiy Koreya o‘rtasidagi tinchlik va do‘stlikni anglatadi.
Live
Barchasi