Tramp suiqasd ishi bo‘yicha FQBga guvohlik beradi – CNN
Olam
−
29 iyul
3750AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp Pensilvaniyada unga suiqasd uyushtirishga urinish bo‘yicha Federal qidiruv byurosi (FQB)ga guvohlik berishga rozi bo‘ldi. Bu haqda byuro vakiliga tayanib, CNN xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hollarda jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari standart tartib hisoblanadi, ammo bo‘lim jabrlanuvchini majburlashga haqli emas. Tramp so‘roq qilinadigan sana haqida ma’lumot hozircha taqdim etilmagan.
CNN'ga ko‘ra, qotil jinoyat sodir etishdan oldin mamlakat rahbarlarining hayotiga suiqasdlar haqidagi ma’lumotlarni o‘rgangan.
Bundan tashqari, FQB xabar berishicha, hujumchi 2023 yilning bahoridan buyon o‘qotar qurollar bilan bog‘liq 25 dan ortiq xaridlarni amalga oshirgan, shuningdek, qo‘lbola portlovchi qurilmalar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlarni ham sotib olgan.
Ma’lumot uchun, AQSHning sobiq prezidenti 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Butler shahrida saylovoldi tashviqoti mitingida yaralangan edi. 20 yoshli yigit siyosatchiga qarata o‘q uzgan. O‘q Trampning qulog‘ining tepasiga teggan. Otishma oqibatida 50 yoshli miting ishtirokchisi halok bo‘ldi, yana ikki kishi yaralandi. Hujumchi xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Donald Tramp o‘ziga suiqasd uyushtirilgan Butler shahrida navbatdagi saylovoldi tashviqoti mitingini o‘tkazishi aytilgandi.
LiveBarchasi