Tramp Rossiya, Xitoy va KXDRni AQSHga qarshi “fitna” rejalashtirishda aybladi
Olam
−
03 Sentabr 6580 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya, Xitoy va KXDRni AQSHga qarshi “fitna” rejalashtirayotganlikda aybladi. Bu haqda u bugun, 3 sentyabr kuni o‘zining Truth Social’dagi sahifasida yozdi.
AQSH Prezidenti Pekindagi paradga izoh berar ekan, Xitoy Raisi Si Szinpin o‘z nutqida: “AQSHning Ikkinchi jahon urushidagi yordamiga to‘xtalib o‘tadimi?”, degan savolni qo‘ygan. Trampning bildirishicha, AQSH Xitoyga: “Begona bosqinchidan ozod bo‘lishida yordam bergan, ko‘plab amerikaliklar Xitoyning g‘alabasi va sharafi uchun jon bergan”.
“Xitoy Raisi Si Szinpin va buyuk Xitoy xalqining bayrami ulug‘vor va unutilmas bo‘lsin! Iltimos, Qo‘shma Shtatlarga qarshi fitna tayyorlayotganingizda Vladimir Putin va Kim Chen Inga mening eng samimiy salomimni yetkazing”, deb yozdi Tramp.
Qayd etish joiz, 31 avgustdan 1 sentyabrgacha Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida Xitoy rahbari Si Szinpin Rossiya, Hindiston va boshqa mamlakatlarni G‘arbga qarshi chiqishga chaqirgandi.
“Dunyo “beqarorlik va o‘zgarishlar” davrini boshdan kechirayotgan bir paytda, ular “tartibli ko‘p qutbli dunyo”ni qo‘llab-quvvatlashi zarur. Bunga erkin savdoni himoya qilish va “adolatliroq hamda oqilona global boshqaruv tizimi”ni shakllantirish kiradi”, degan Si Szinpin.
Xalqaro matbuot esa bu bayonotni AQSHga qarshi chaqiriq sifatida baholadi.
“Biz hamkorlik ko‘lamini kengaytirishimiz, har bir mamlakatning o‘ziga xos kuchli tomonlaridan to‘liq foydalanishimiz va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va farovonlikka hissa qo‘shish bo‘yicha umumiy mas’uliyatni birlashtirishimiz kerak”, deydi Xitoy raisi SHHT sammitida ishtirok etgan jahon yetakchilariga.
Ma’lumot uchun, SHHT sammitdan so‘ng, bugun, 3 sentyabr kuni Pekin shahrining Tyananmen maydonida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Paradda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham rafiqasi bilan qatnashdi. Shuningdek, unda Xitoy rahbari Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In va yana 24 davlatning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.
Live
Barchasi