Tramp oy oxirida Kim bilan uchrashishi mumkin – OAV
Olam
−
19 Oktabr 2025 3778 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashuv tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu uchrashuv Trampning Osiyoga qiladigan safari chog‘ida bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, CNN xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, hozircha uchrashuvni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan logistik rejalashtirish ishlari jiddiy bosqichga o‘tmagan. Rasmiylar bunga sabab sifatida Vashington va Pxenyan o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘qligini, Trampning birinchi prezidentlik davrida esa bunday muloqot ba’zida mavjud bo‘lganini eslatgan. Manbaga ko‘ra, Trampning bu yil boshida Shimoliy Koreya rahbariga yuborgan dastlabki so‘rovi javobsiz qolgan.
Qayd etilishicha, Trampning Kim Chen In bilan uchrashish borasidagi shaxsiy qiziqishi joriy yilning avgust oyida Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon bilan Oq uyda o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng paydo bo‘lgan. O‘sha uchrashuvda Janubiy Koreya rahbari Trampni mamlakatida bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) savdo vazirlari yig‘ilishiga taklif qilgan.
“Yonhap” joriy yilning 1 oktyabr kuni Oq uy xodimiga tayanib, Tramp Kim Chen In bilan muzokaralarga tayyor ekanini xabar qilgan. Manbaga ko‘ra, Vashington birinchi marta AQSH Prezidenti ehtimoliy muloqot uchun hech qanday shart qo‘ymayotganini bildirgan. Janubiy Koreya rasmiylari Tramp va Kim Chen In uchrashuvi 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari Janubiy Koreyaning Kyondju shahrida o‘tadigan APEC sammiti doirasida bo‘lib o‘tishi mumkinligini istisno etmagan. Shuningdek, OAV Tramp Shimoliy Koreya rahbari bilan yana 2019 yildagidek Janubiy va Shimoliy Koreya chegarasida uchrashish ehtimolini ham rad etmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kim Chen In agar Vashington “denuklearizatsiyaga bo‘lgan ishtiyoqi”dan voz kechsa, AQSH bilan muloqotga hech qanday to‘siq ko‘rmasligini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, Pxenyan hech qachon o‘z yadroviy arsenalini sanksiyalarni bekor qilish uchun almashtirmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar “saboq” bo‘lib, mamlakatni yanada kuchliroq va mustahkamroq qilgan.
Live
Barchasi