Kim AQSH KXDR bilan muloqot qilishi uchun nimadan voz kechishi kerakligini aytdi
Olam
−
22 Sentabr 2025 8061 3 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In agar Vashington “denuklearizatsiyaga bo‘lgan ishtiyoq”dan voz kechsa, AQSH bilan muloqotga hech qanday to‘siq ko‘rmasligini aytdi. Bu haqda u kecha, 21 sentyabr kuni KXDR Oliy xalq assambleyasining yig‘ilishida so‘z ochdi.
Uning ta’kidlashicha, Pxenyan hech qachon o‘z yadroviy arsenalini sanksiyalarni bekor qilish uchun almashtirmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar “saboq” bo‘lib, mamlakatni yanada kuchliroq va mustahkamroq qilgan.
Bu bayonotlar Janubiy Koreyaning yangi liberal hukumati Donald Trampni Pxenyan bilan muloqotni qayta tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarga rahbarlik qilishga chaqirgan chog‘ida yangramoqda. Tinchlik muzokaralari olti yil avval sanksiyalar va yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli to‘xtab qolgan edi.
Iyun oyida lavozimga kirishgan Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon tinchlik tashabbuslarini faol ilgari surdi va Pxenyan bilan muloqot zarurligini ta’kidladi. U ishonchni mustahkamlash va Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturini bosqichma-bosqich yo‘q qilish bo‘yicha choralar ko‘rishni taklif qildi va Tramp bu sa’y-harakatlarda asosiy rol o‘ynashi mumkinligini ta’kidladi.
Kim Vashington va Seulning muloqotga bo‘lgan so‘nggi chaqiriqlarini nosamimiy deb atadi va ularning asosiy maqsadi – Shimoliy Koreyani zaiflashtirish va uning rejimini yo‘q qilish o‘zgarishsiz qolayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Shimoliy Koreya yetakchisi birinchi prezidentlik davrida uch marta uchrashgan Donald Tramp haqida “iliq xotiralar” bildirdi.
Xalqaro sanksiyalar va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga qaramay, Shimoliy Koreya yadro quroli va ilg‘or ballistik raketalarni ishlab chiqishda muvaffaqiyat qozonishda davom etmoqda. Janubiy Koreya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar Pxenyanni to‘xtata olmadi va Kim Chen In har yili o‘z arsenaliga 15-20 ta yadro kallaklarini qo‘shib bormoqda.
“Haqiqat shundaki, sanksiyalar va bosimga asoslangan avvalgi yondashuv muammoni hal qilmadi. Bu vaziyatni yanada og‘irlashtirdi”, degan Li Chje Myon.
Iyul oyida Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon Donald Trampning Shimoliy Koreyani yadrosizlantirishga urinishlarini ochiqchasiga masxara qilgan edi. Sentyabr oyida Shimoliy Koreya Qo‘shma Shtatlarning yadroviy quroldan voz kechish haqidagi chaqirig‘ini qat’iyan rad etdi. KXDR o‘zining xarakterli ritorikasidan foydalanib, o‘zining yadroviy maqomini “qaytarib bo‘lmaydigan” va denuklearizatsiya bo‘yicha har qanday talablarni “ichki ishlariga provokatsion aralashuv” deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Pxenyandagi Mudofaa institutlariga tashrif buyurib, eng yangi harbiy texnologiyalar, jumladan, zirhli va faol mudofaa tizimlarining rivojlanishi bilan tanishgandi. Shuningdek, u Shimoliy Koreya uchuvchisiz uchish apparatlari uyushmasi ilmiy-tadqiqot institutlari va korxonalarida ishlab chiqilgan dronlarni sinovdan o‘tkazganida shaxsan o‘zi qatnashgandi.