Tramp Oq uyda o‘tkazgan tadbirda rasmiy shaxs xushidan ketdi (video)

Olam

image

Kecha, 6 noyabr kuni Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp ishtirokida o‘tgan tadbirda vazn tashlash uchun mo‘ljallangan dori vositalariga oid yangi kelishuv e’lon qilingan paytda farmatsevtika sohasi vakili turgan holda hushini yo‘qotib, yerga o‘tirib qoldi. Hodisa jonli efirda namoyish etildi.

Avvaliga xabarlarga ko‘ra, bu shaxs Novo Nordisk kompaniyasi vakili Gordon Finlay deb ma’lum qilingan, ammo kompaniya keyinchalik bu ma’lumotni rad etdi.

Hodisani ko‘rgan jurnalistlarning ta’kidlashicha, Medicare va Medicaid xizmatlari markazlari rahbari doktor Mehmet Oz bu insonni yerga to‘g‘ri yotqizib, uning boshi jarohatlanishining oldini olgan. Jurnalistlar Oq uydan chiqarilganidan so‘ng, vazirlar va tibbiy guruh insonga yordam ko‘rsatib, uning oyoqlarini ko‘targan.

Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitt bayonot berib, shunday dedi:

“Prezidentning “Eng afzal mamlakatlar” (Most Favored Nations) dasturi bo‘yicha bayonoti vaqtida kompaniya vakillaridan biri hushini yo‘qotdi. Oq uy tibbiy xizmati tezlik bilan chora ko‘rdi va bu kishi hozir yaxshi. Matbuot anjumani yaqin vaqtda qayta boshlanadi”.

Anjumanda Novo Nordisk va Eli Lilly kompaniyalari rahbarlari qatnashdi. Ular Tramp ma’muriyati bilan birgalikda GLP-1 turkumidagi vazn tashlash dorilarini arzonlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Kelishuvga ko‘ra, dorilar “TrumpRx” deb nomlangan yangi hukumat veb-sayti orqali bevosita aholiga taklif etiladi. Sayt kelasi yil ishga tushishi kutilmoqda.

Tabletka shaklidagi dori vositalari AQSH Ovqat va dori vositalari ma’muriyati (FDA) tasdiqlaganidan so‘ng oyiga $149 narxda sotuvga chiqadi.

GLP-1 preparatlari esa diabet kabi kasalliklarni davolash uchun Medicare yoki Medicaid dasturlari orqali foydalanuvchi bemorlar uchun oyiga $245 bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vaziri kichik Robert F. Kennedi bu kelishuvni ijobiy baholab, shunday dedi:

“Semizlik – kambag‘allikning oqibati. Bu dori vositalari avval faqat boylar uchun mavjud edi. Endi esa imkoni bo‘lmaganlar ham ulardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi”.

Doktor Oz, o‘z navbatida, kelasi yilga borib, amerikaliklar jami bo‘lib 135 milliard funt vazn yo‘qotishlarini kutayotganini aytdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing