Tramp nutqlari bo‘yicha “stavka” qilgan Oq uy xodimi jazolandi

Olam

image

Oq uyning sobiq telesuflyor operatori Gabriel Peres Prezident Donald Tramp nutqlarida nima deyishi haqida maxfiy ma’lumotlardan foydalanib, “stavka” qilgani uchun 172 ming dollardan ortiq mablag‘ to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda “BBC” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Peres 2025 yil dekabridan 2026 yil fevraligacha Trampning chiqishlarida qaysi so‘z va mavzular tilga olinishi bo‘yicha Kalshi platformasida savdolar qilgan. Ma’lum qilinishicha, ushbu platformada foydalanuvchilar real hayotdagi voqealar natijasi bo‘yicha shartnomalar sotib olib, stavkalar qo‘yadi.

Ushbu faoliyatni tartibga soluvchi AQSH tovar fyucherslari savdosi komissiyasi (CFTC) Peres 107 539,02 dollar miqdoridagi foydani qaytarishi va 65 ming dollar fuqarolik jarimasi to‘lashi kerakligini bildirgan. Peres, shuningdek, 3 yil davomida savdo qilish huquqidan mahrum etilgan.

CFTC’ning ma’lum qilishicha, sobiq xodim Tramp nutqlari mazmuni haqida oldindan bilgan ma’lumotlarini o‘z manfaati yo‘lida ishlatib, “ishonch va maxfiylik majburiyatini buzgan holda” stavkalar qilgan. Biroq tergov bilan “namunali darajada hamkorlik qilgani” inobatga olinib, unga belgilangan fuqarolik jarimasi miqdori kamaytirilgan.

Oq uy hozircha bu masala yuzasidan izoh bermagan. Iyul oyida o‘sha paytdagi matbuot kotibi Karolayn Levitt Peres haq to‘lanmaydigan ta’tilda ekani va lavozimiga qaytmasligini bildirgan edi.

“Kim bo‘lishingizdan qat’i nazar, qoidalarimiz yoki federal qonunlarni buzsangiz, oqibatlarga duch kelasiz”, deb yozgan Kalshi’ning bosh huquqshunosi Bobbi Deno X ijtimoiy tarmog‘ida Peresga nisbatan qarorni olqishlab.

Kompaniya, avvalroq BBC’ga mart oyida o‘z tahlilchilari “tilga olish bozorlari”da g‘ayrioddiy faollikni payqaganini ma’lum qilgan. Bunday shartnomalarda foydalanuvchilar muayyan notiq, jumladan Prezident, nutqida muayyan davlatlar, saylov shiorlari yoki boshqa so‘zlar tilga olinish-olinmasligini bashorat qiladi.

Kalshi ma’lumotlar orqali ushbu foydalanuvchining Oq uyda telesuflyorlarni boshqargan federal xodim ekanini aniqlagan va uning faoliyati haqida regulyatorga xabar bergan.

Kompaniya iyul oyida prezidentlar va Federal zaxira tizimi rahbarlari kabi siyosiy yetakchilarning aytgan so‘zlari valyuta, neft fyucherslari va aksiyalar bozorida milliardlab dollarlik harakatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Shuningdek, o‘sha oyda Oq uy boshqaruv ofisi ma’muriyat xodimlariga prognoz bozorlarida pul tikmaslik haqida xat yuborgani ma’lum qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Oy yuzasidagi biror ob’ekt uning sharafiga nomlanishini xohlashini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing