Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi
Jamiyat
−
25 yanvar
3433Markaziy bank boshqaruvining 2024 yil 25 yanvardagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ma’lum qilinishicha, iqtisodiyotdagi yuqori talab dinamikasi ta’sirida shakllanayotgan kutilmalarni inobatga olib, asosiy stavka darajasi o‘zgarishsiz qoldirilgan. Shuningdek, inflyatsiya yil yakunida 8-9 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
"Shakllantirilayotgan pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani 5 foizlik target darajasigacha barqaror pasayish trayektoriyasini ta’minlashga qaratilgan.
Umumiy inflyatsiya so‘nggi oylarda 8,8 foiz darajasida saqlanib qoldi. Iste’mol savatidagi tovarlar guruhida inflyatsiyaning pasayishiga qaramasdan, xizmatlar inflyatsiyasi oxirgi chorakda biroz tezlashdi. Bu esa, kelgusida talab tomonidan umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi bosimlarning kuchayish ehtimoli mavjudligini ko‘rsatadi. Umuman olganda, iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning yuzaga kelishi va saqlanib qolayotgani, yuqori talab sharoitlariga ayrim taklif komponentlarining to‘liq moslasha olmayotgani bilan izohlanadi", deyiladi Markaziy bank xabarida.
2023 yilda iqtisodiy o‘sishning 6 foizgacha tezlashishida, asosiy kapitalga investitsiyalar hajmining yuqori sur’atda o‘sishi muhim ahamiyat kasb etdi. Iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarning ijobiy dinamikasi, fiskal rag‘batlantirishlarning yuqori bo‘lgani va pul o‘tkazmalari iqtisodiy o‘sish sur’atlarini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘lgan.
Jahon iqtisodiyotidagi qat’iy moliyaviy sharoitlar, mehnat bozorlarining muvozanatlashishi va xomashyo tovarlari narxlarining pasayuvchi dinamikasi ta’sirida global inflyatsiyaning joriy yilda ham sekishlashishda davom etishi kutilmoqda.
Savdo hamkorlardagi joriy iqtisodiy tendensiyalar va kutilmalarni inobatga olib, kelgusi oylarda so‘mning real almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kuzatilmasligi taxmin qilinmoqda.
Bank tizimida likvidlikdagi tarkibiy profitsitning qisqarib borishi bilan bir qatorda, pul bozorida operatsiyalarning faollashuvi kuzatilmoqda. Pul bozoridagi qisqa muddatli foiz stavkalarining joriy yil davomida ham monetar operatsiyalarni faol qo‘llagan holda foiz koridori doirasida shakllanishi uchun sharoit yaratib boriladi.
Milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha yuqori ijobiy real foiz stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining o‘suvchi dinamikasi saqlanib qolishi kutilmoqda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha 2024 yilda umumiy inflyatsiya 8-9 foiz, bazaviy inflyatsiya darajasi esa 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Joriy yilda makroiqtisodiy rivojlanishning qaysi ssenariy shartlari asosida kechishi tashqi iqtisodiy omillar bilan birga maqroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning ichki omillari, ya’ni tarkibiy islohotlar sur’atlari, fiskal intizom va pul-kredit siyosati ta’sirchanligiga bog‘liq bo‘ladi.
Ayni paytda, ayrim tartibga solinadigan narxlarda kutilayotgan o‘zgarishlar, aksiz va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar hisobiga keyingi oylarda ichki narxlarga bir martalik ta’sir ehtimollarini pasaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Asosiy tashqi xatarlar, global fragmentatsiyaning kuchayishi va yuqori global inflyatsion jarayonlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 5,5-6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bir tomondan, iste’mol talabi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tarkibiy islohotlar ta’sirida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar hajmining oshishi bo‘ladi.
Markaziy bank asosiy stavka bo‘yicha kelgusi qarorlarini umumiy inflyatsiyaning yangilangan prognozlaridan kelib chiqib qabul qiladi va inflyatsiyaning 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlab boradi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 14 martga belgilangan.
LiveBarchasi