Sudyalarning “stavka”si qancha yoxud bozorga solingan adolat

Tahlil

Adolat — jamiyat uchun eng kerakli narsa. Sud esa, uning so‘nggi qo‘rg‘onidir. Ammo oxirgi vaqtlarda uning devorlarini ba’zi bir “savdogarlar” teshib o‘tyapti. Ular qonunni emas, dollarlarni muqaddas bilishadi. Sudya kursisiga o‘tirib, ko‘ziga adolat bog‘ichini emas, balki nafs pardasini tortganlar bugun inson taqdirini va davlatning ishonchini bozorgir matohga aylantirdi. 

Bugun adolat posbonlari uning qotiliga aylanyapti. Sudya bolg‘asining har bir zarbasi qonuniy va haqqoniy hukm oldidan yangrashi kerak. Bu bolg‘a pora evaziga “sotiluvchi” qarorlarni e’lon qilishda urilsa, yengilgina bo‘lgan shu oddiy zarba insonlarning davlatga bo‘lgan ishonchini parchalashi shubhasiz. Minglab, hatto o‘n minglab dollar haqida gap ketar ekan, bugun biz sud zallarida qabul qilinayotgan qarorlar ortida “kim haq?” degan savolga emas, “kimning puli ko‘p?” degan shafqatsiz haqiqatga to‘qnash kelyapmiz. Ammo adolatni “oq qilib” yuborganlar bugun qonun oldida “qora” bo‘lib turibdi. Ularning bir nechtasini ko‘rib chiqamiz.

Bir necha kun oldin Surxondaryo viloyati sudining sudya katta yordamchisi 53 ming dollar bilan qo‘lga tushdi. U jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishini ayblanuvchilar foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan. Qayta baholash to‘g‘risida sud ajrimini chiqarish orqali 2 nafar sudlanuvchiga nisbatan aniqlangan 6,3 mlrd so‘mlik zarar miqdorini kamaytirib, ularga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatish va dastlabki tergov davrida qo‘llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasini bekor qildirishni va’da bergan. Evaziga sudlanuvchilarning qarindoshidan 53 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan.

Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi esa, 3 ming 600 dollar pora bilan qo‘lga olingan. U o‘z ish yurituvidagi iqtisodiy ishni kassatsiya instansiyasida Guliston shahrida faoliyat yurituvchi MCHJ foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan va pullarni qabul qilib olgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sudya ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Keyingi adolatni ta’minlashi kerak bo‘lgan shaxs odillikni “oq qilib” yuborgan vaziyat esa Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida kuzatilgan. Mazkur tuman sudining 2022 yildagi hal qiluv qaroriga asosan, 1989 yilda tug‘ilgan ayolning 4 yoshli farzandi voyaga yetguniga qadar sobiq eridan aliment undirish belgilangan. Ammo ota ushbu qarorni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida sudga murojaat qilgan. Sudya esa, buni o‘zi uchun zo‘r imkoniyat deb baholagan va foydalanmoqchi bo‘lgan. O‘z ish yurituviga kelib tushgan ushbu arizaga asosan, joriy yilning 27 fevral kuni sudning 2022 yildagi hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni mazmunan qayta ko‘rishni 11 mart kuniga tayinlagan. Shuningdek, u ishni da’vogarning foydasiga ijobiy hal etib berishni va’da qilgan. Vijdonni qarang! Bu “adolati” evaziga undan 300 AQSH dollari talab qilgan, 300! Yolg‘iz ona, 4 yoshli bolaning ijtimoiy holatiga ta’sir ko‘rsatadigan jinoyat shunday narxlangan! O‘tkazilgan tezkor tadbirda “xotamtoy” sudya ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sudyalarning pora bilan qo‘lga tushishi deyarli har yili kuzatiladigan holatga aylanib qoldi, afsuski. Masalan, 2025 yilning oktyabr oyida Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining sobiq raisi Yunusjon Egamberdiyev firibgarlik va pora berish jinoyatida ayblanib, 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi. 51 yoshli sobiq sudya firibgarlik, pora berish bilan bir qatorda Jinoyat kodeksining 25-moddasi bilan ayblangani ham diqqatni tortadi. Unda jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish nazarda tutilgan. Xo‘p, o‘zi u nima qilgandi? Yunusjon Egamberdiyev 2025 yil may oyida muqaddam boshqa sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatini kamaytirishni va’da qilib, sudlangan shaxsning onasidan 30 ming dollar miqdoridagi pullarni olgan vaqtda ushlangandi. E’tiborli jihati shundaki, bu shaxs 2013-2018 yillarda JIB Asaka tuman sudi sudyasi bo‘lib ishlagan. U sudyalik lavozimida keyingi muddatga o‘ta olmagan. Shu sabab ma’lum vaqt tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. So‘ngra, biroz advokat bo‘lib ishlagan Egamberdiyev 2024 yil dekabr oyida 5 yil muddatga Xonobod shahar sudining raisi lavozimiga tayinlangan. Tadbirkorlikdagi oldi-berdilardan orttirgan tajribasini taqdirlarga ta’sir o‘tkazadigan tizimda ham ishlatmoqchi bo‘lgan. Inson huquqlarini, adolatni, davlat tizimini narxlagan! Mana endi jazosini olyapti.

O‘zbekiston xalqaro arbitraj va hakamlik sudlarini rivojlantirish jamoat fondi huzuridagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Namangan viloyat hakamlik sudi sudyasi yer masalasini o‘zining vakolatidan kelib chiqib “sekund”da hal qilib beraman degan! U Chust tumanida yashovchi shaxsga mazkur tumanning “Mustaqillik” MFYdagi 6 sotix yer maydonida joylashgan, qurilishi tugallanmagan bahsli noturar binoga egalik huquqini beruvchi hal qiluv qarorini chiqarib berishga ishontirgan. Buning evaziga 3200 dollar talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda kelishilgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hokimlik tizimlaridagi pora olish uslubini bilasiz-a? Hokim yordamchilari yoki o‘rinbosarlarining korrupsion jinoyat ustida qo‘lga tushishi yoki tushaverishi hatto memlarga ham sabab bo‘lgan. “Xamir uchidan patir” yoki “soyadagi sultonlar” jumlasini eslatib yuboradi ular. Aslida, yetib borishi kerak bo‘lgan qo‘llar teparoqda ekanini nazariy jihatdan va mantiqan ko‘pchilik anglasa-da, amalda hech narsa qilib bo‘lmaydi. Chunki faqat fakt “gapiradi”.

Surxondaryo viloyati Termiz tuman sudining sudya yordamchisi ham 800 dollar pora bilan qo‘lga tushgan. U ham o‘zi ishlaydigan tuman sudida ko‘rilayotgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish bo‘yicha huquqbuzarga nisbatan yengillik yaratib berishi evaziga dastlab 500 ming so‘m pul mablag‘ini olib, qo‘shimcha ravishda 800 AQSH dollari talab qilgan. U pullarni o‘zining qarindoshi vositachiligida olmoqchi bo‘lgan. Qarang, ehtimoliy vaziyatlarga tayyorgarlik darajasi qanday? Biroq endi “qo‘lim oshga yetdi” deganda hammasi lanjlashgan, guruch emas, ish! Endi u ham dollarlar o‘rniga panjara ortida kun sanayapti.

Sudyalar ayrim hollarda yordamchisi orqali, ba’zi vaziyatlarda o‘zlari pora olsa, hech o‘ylab ko‘rdingizmi, ularga fuqarolar kim orqali Benjamin Franklin tasviri tushirilgan qog‘ozchalarni yetkazadi? Navbatdagi holat tushunishingiz uchun misol bo‘lishi mumkin. O‘tgan yilning sentyabr oyida 6 ming dollar evaziga sudyalar bilan kelishib, manzil-koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumni ozod qilishni va’da qilgan advokat ushlangan. U Mirzacho‘l tumanida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan o‘zaro til biriktirib, Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi manzil-koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan mahkumni Jizzax viloyat sud tizimidagi tanishlari orqali oqlov hukmi asosida muddatidan oldin ozodlikka chiqarib berishni va’da qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari esa, uning qo‘liga kishan taqqan!

Sudyalar bilan bog‘liq ishlar va jazolanganlar faqat shular emas. 2025 yilda 59 nafar sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan, jumladan, sudyalik qasamyodini buzganligi hamda Sudyalar odobi kodeksi talablariga rioya etmaganligi uchun 19 nafar sudya lavozimidan ozod etilgan, 3 nafar sudya jinoiy javobgarlikka tortilgan, 58 nafar sudyaning lavozimlari pasaytirilgan. Sudyalik vakolati muddati tugagan 33 nafar sudya navbatdagi sudyalik lavozimiga noloyiq deb topilgan hamda 266 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan. Bu statistika joriy yilning 12 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan taqdim etilgandi.

Sud tizimidagi korrupsiya nafaqat moddiy manfaatlar, balki sudyalarning yillar davomida ma’muriy bosimga qaramligi hamda kadrlar tanlash jarayonidagi yopiqlik sabab ham ommalashgandir ehtimol. Buning achchiq oqibati jamiyatda “jazo muqarrar” degan tamoyil o‘z kuchini yo‘qotayotgani bilan ko‘rindi. Avvallari, bir sudya bir joyga 10 yil muddatga tayinlanar edi. Shuncha davr davomida bir manzilda uzoq qolishini bilgan odamda tabiiyki insoniy instinktlar sabab fikrlar, qarashlar va o‘lchovlar o‘zgarib ketishi mumkin. Buning oldini olish uchun 2025 yil 24 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, sudyalarni navbatdagi o‘n yillik muddatga tayinlash tartibi bekor qilinib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab besh yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash tartibi belgilanadi. Shuningdek, sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “odob qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlari qonun darajasida belgilanadi.

Yodingizda bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga yo‘l qo‘yish – islohotlarga xiyonat hisoblanishini ta’kidlab, mamlakatda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha joriy yilda “favqulodda holat” e’lon qilgan edi. Hatto sudlar davlat hokimiyatining alohida bo‘g‘ini sifatida “korrupsiyadan xoli” tizimga aylanishida namuna bo‘lishi lozimligi aytilgan. Buning uchun O‘zbekistonda sudya va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilish yo‘lga qo‘yilishi taklif qilingandi. Sud mustaqilligini ta’minlash, sudyalarni tashqi bosimlardan himoya qilish uchun Sudyalar oliy kengashi huzurida yosh va malakali kadrlarni tayyorlash uchun Odil sudlov akademiyasi tashkil etilgan. Uning natijalari bir necha yildan keyin bilinsa kerak. Ammo hozir bir nima deya olmaymiz. Har holda statistika shuni ko‘rsatyapti.

Sud tizimidagi korrupsiya — bu shunchaki jinoyat emas, bu davlat organining ichdan chirishidir. Advokat “vositachi”, yordamchi “kurer”, sudya esa “tadbirkor”ga aylangan tizimda adolat yetim qoladi. 10 yillik qamoq jazolari va kishanlar — nafsning achchiq mevasidir. Toki sudya kursisida o‘tirgan shaxs o‘zini qonundan ustun, vijdonidan esa cheksiz uzoq deb bilar ekan, bu kabi “tezkor tadbirlar” davom etaveradi. Ammo xalqning singan ishonchini qaysi jazo bilan tiklab bo‘ladi?

Video qahramonlari bugun panjara ortida. Kecha boshqalarning taqdirini hal qilishdek mas’uliyatli ish berilgan qo‘llarga bugun kishan taqilgan. Bir narsa aniq: pora bilan yopilgan ishning, nohaq chiqarilgan hukmning umri qisqa. 53 ming dollardan 300 dollargacha pasaygan “narx-navo”lar aslida sud tizimidagi ayrimlarning nafs darajasini ko‘rsatadi. Tizim tozalanishi shart, zero adolat o‘lgan joyda davlat ham, millat ham tanazzulga yuz tutadi.


Maqola muallifi

Teglar

pora jinoyat bozor Sud'yalar Sud'yalar oliy kengashi adolat stavka “savdogarlar” adolat posbonlari iqtisodiy ishlar Sud'yalar odobi kodeksi Sud tizimidagi korruptsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing