Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi bugun, 14 sentyabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qayd etilishicha, iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlar biroz sekinlashishiga qaramasdan, ayrim mahsulotlar narxlariga bosim saqlanib qolmoqda. Jumladan, avgust oyida inflyatsion kutilmalarning ham o‘sishi kuzatilgan.

Shunga qaramay, elektr va gaz tariflarining aholi uchun o‘zgarishsiz qoldirilishi sababli inflyatsiyaga ushbu guruhdan birlamchi ta’sirlar bo‘lmaydi. Biznes sub’ektlari uchun tariflar oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlarida inobatga olingan doirada bo‘lishi kutilmoqda.

Regulyatorga ko‘ra, amaldagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilishi daromadlarning o‘sishi ta’sirida yuzaga kelgan yalpi talab bosimini va inflyatsiyani oshiruvchi omillarni pasaytirish orqali inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlariga erishishga xizmat qiladi.

“Yoz oylari boshidagi ma’lum pasayishdan so‘ng avgust oyida yillik inflyatsiya 9 foizga teng bo‘ldi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhlarida inflyatsiyaning deyarli o‘zgarmagani sharoitida xizmatlar sohasida narxlar o‘sishining 8,2 foizdan 8,5 foizgacha tezlashishi inflyatsiya oshishining omillaridan bo‘ldi. Bazaviy inflyatsiya kutilganidan ko‘ra sekinroq sur’atda pasayib, yillik 10,7 foizni tashkil etdi. Ayni paytda bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi tendensiyasi barqaror tus olmoqda”, deyiladi Markaziy bank bayonotida.

Shunga qaramay, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari trend yo‘nalishini o‘zgartirib, 14,2 foizgacha ortgan. Tadbirkorlik sub’ektlarining kutilmalarida ham o‘xshash tendensiya kuzatilib, 14,4 foizga teng bo‘lgan. Respondentlar tomonidan kutilmalar o‘sishining asosiy omillari sifatida valyuta kursi o‘zgarishi, yonilg‘i va energiya narxlarining oshishi kabi omillar ta’kidlangan.

Global inflyatsiya esa asosan, energiya resurslari va xomashyolar narxlarining barqarorlashuvi ta’sirida sekinlashmoqda. Shu bilan birga, ko‘plab mamlakatlarda bazaviy inflyatsiya sezilarli darajada yuqori va barqaror bo‘lib qolmoqda. Mehnat bozoridagi qat’iylik ish haqlari oshishiga sabab bo‘lib, xizmatlar sohasida doimiy inflyatsion bosimni yuzaga keltirayotgani aytilgan.

Markaziy bank savdo hamkorlardagi iqtisodiy vaziyat valyuta kurslaridagi devalvatsion jarayonlar va xomashyolar narxlari dinamikasi ta’sirida shakllanayotganini qayd etgan. So‘m almashuv kursining avgust oyidagi to‘g‘rilanishi real samarali almashuv kursida ham aks etib, uzoq muddatli trendiga qarab og‘a boshlagan.
 
So‘nggi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyul oylaridagi ko‘rsatilayotgan xizmatlar, sanoat ishlab chiqarish va chakana savdo hajmida barqaror o‘sish kuzatilgan.

Yanvar-avgust oylarida esa ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 7,7 foizga oshgan. Iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining yillik 1,3 barobarga o‘sishi ham iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘lib qolmoqda.

Naqd pul tushumlarining umumiy hajmi yanvar-avgust oylarida 30,4 foizga, savdo va pulli xizmatlardan tushumlar 27,7 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2021 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan sezilarli o‘sishni saqlagan holda yuqori baza effekti hisobiga teskari tendensiyani namoyon etib, o‘tgan yilga nisbatan 32,4 foizga pasaygan.

“Markaziy bank asosiy stavkasining o‘zgarishsiz qolishi va uning pul bozoriga transmissiyasi, qisqa muddatli likvidlik narxining real hisobda 3−4 foizlik ijobiy darajada shakllanishiga va shu orqali “nisbatan qat’iy” pul-kredit sharoitlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda”, deyiladi regulyatorning izohida.
Aytilishicha, avgust oyida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 21,7 foizni, yuridik shaxslarniki esa 17,1 foizni tashkil etgan.

Natijada 1 sentyabr holatiga ko‘ra, milliy valyutadagi muddatli depozitlarning yillik o‘sishi 48,3 foizga, shu jumladan, aholi omonatlari bo‘yicha 53,5 foizga teng bo‘lgan.

Markaziy bank joriy ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlarni hisobga olib, yil yakuniga qadar inflyatsiya darajasi 8,5−9,5 foizlik prognoz koridori doirasida bo‘lishini bildirgan.

“Asosiy stavkaning joriy darajada o‘zgarishsiz qoldirilishi, inflyatsiyaning yil yakuniga qadar prognoz doirasida shakllanishi uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratib boradi va narxlarga monetar omillarning ta’sirini oldini olish uchun zaruriy chora hisoblanadi. Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining yalpi talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirini baholashda davom etadi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar inflyatsiyaning prognoz koridori doirasida shakllanishini ta’minlashga qaratiladi”, deyiladi bayonotda.

Ayni paytda fiskal rag‘batlantirishlar, daromadlar va chakana kreditlarning o‘sishi ta’sirida yalpi talabning yanada oshishi prognoz davrida narxlarni oshiruvchi omil sifatida qaralmoqda.

Shuningdek, Markaziy bank chakana kreditlash yo‘nalishlarida aholiga ajratilayotgan kreditlar o‘sish ko‘rsatkichlarining yuqori bo‘layotgani ushbu segmentda qarz yuki va ichki talabga ta’siri nuqtai nazaridan xavotirlarni kuchaytirayotganini ma’lum qilgan.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston Markaziy bank stavka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing