Tramp Livan bo‘yicha sulhga erishmoqchi
Olam
−
16 noyabr
1567AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp kecha, 15 noyabr kuni Isroilning Strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer bilan o‘tkazilgan brifingdan so‘ng Livandagi urush harakatlarini to‘xtatish bo‘yicha rozilik berdi. Bu haqda “The Irish times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kelishuv loyihasida “Hizbulloh” tashkiloti Isroil chegarasidan taxminan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Litani daryosining shimoliy qismiga chekinishi ko‘zda tutilgan.
“The Wall Street Journal” nashrining yozishicha, Tramp 2025 yilning 20 yanvar kuni Oq uyning Oval kabinetiga kirishidan oldin bu reja amalga oshishiga umid bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning Livandagi elchisi tomonidan “Hizbulloh”ga o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim loyihasi taqdim etilgan. Ushbu loyiha orqali AQSH “Hizbulloh” kuchlarini Isroil hududidan olib chiqishni talab qilgan.
“Al-Jazeera”ga ko‘ra, “Hizbulloh” o‘zining javobini Livan parlamenti raisi Nabix Berriga taqdim etishi kutilmoqda.
Livanning muvaqqat bosh vaziri Najib Mikati kecha, 15 noyabr kuni Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning bosh maslahatchisi Ali Larijoniy bilan olib borgan muzokaralarda Tehrondan o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘maklashishni so‘ragan. Larijoniy Eron Livan hukumati tomonidan qabul qilinadigan har qanday qarorni hamda Livanning “qarshilik harakati”ni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
“Biz hech narsani barbod qilmoqchi emasmiz. Aksincha muammolarga yechim izlayapmiz”, deydi Larijoniy.
Yangi kelishuv doirasida uchinchi tomon mamlakatlariga Livan janubidagi tinchlikni va “Hizbulloh” vakillarining Litani shimolida qolishini ta’minlash uchun Livan Qurolli kuchlariga qurol yetkazib berishga ruxsat berilgan. AQSH va Isroil kelishuvga qo‘shimcha loyiha kiritishi kutilmoqda, bu esa “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvni buzsa, Isroilga harbiy harakat qilish imkonini beradi.
Xabarlarga ko‘ra, Isroil va AQSH 2025 yilning yanvar oyigacha o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bitim tuzmoqchi bo‘lsa-da, AQSHning maxsus vakili Amos Xoxshteyn Bayrutdan kelishuvga erishish uchun ijobiy natijani qo‘lga kiritmaguncha Livanga qaytishi kutilmayapti.
Diplomatik sa’y-harakatlar davom etar ekan, Isroil armiyasi Livan janubidagi chegaradan 5-6 km uzoqlikda joylashgan qishloqlarga hujumni kuchaytirgan. Shuningdek, Bayrut va Livanning boshqa hududlaridagi “Hizbulloh” tayanch nuqtalariga zarba berishi davom etmoqda.
Qayd etilishicha, Isroil harbiy harakatlarni sezilarli darajada pasaytirgan bo‘lsa-da, “Hizbulloh” Shimoliy Isroilning katta qismida hujumlarni davom ettirib, bir necha kun ichida 100 dan ortiq snaryadlar otgan.
Bildirilishicha, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilning yangi Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bilan suhbatlashib Livandagi vaziyatni hal qilish uchun “isroillik va livanlik fuqarolarga o‘z uylariga qaytish imkonini beradigan” diplomatik yechim zarurligini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq CNN yahudiy davlatining harbiy rahbariyati siyosiy kelishuvga erishmoqchi ekanini tobora oydin bildirayotganiga qaramay, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Livan va G‘azo sektoridagi mojarolarni davom ettirish niyatida ekanini yozgandi.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi