Tramp xorijlik boylarga “oltin karta”lar sotmoqchi
Olam
−
26 fevral
3921Qo‘shma Shtatlar boy xorijliklarga AQSHda yashash va ishlash huquqini beruvchi hamda Amerika fuqaroligiga yo‘l ochadigan “oltin karta”larni sotadi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Donald Tramp kecha, 25 fevral kuni Oval kabinetda jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, “oltin karta”ning narxi taxminan 5 million AQSH dollarini tashkil qiladi.
“Biz oltin kartani sotmoqchimiz. Sizda “yashil karta” (green card) bor. Va bu esa “oltin karta”. Biz ushbu kartani taxminan 5 million dollarga baholaymiz va bu sizga yashil kartaning afzalliklarini beradi, shuningdek, bu fuqarolikka yo‘l bo‘ladi. Bu kartani sotib olib, mamlakatimizga boy odamlar keladi”, dedi davlat rahbari.
AQSH Savdo vaziri Govard Lutnikning tushuntirishicha, oltin karta hukumatning EB-5 immigratsion vizasi dasturi o‘rnini bosadi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, “oltin karta”lar savdosi ikki hafta ichida boshlanishi mumkin. U millionlab kartalar sotilishini kutmoqda.
“Huquqiy nuqtai nazardan, bu mutlaqo qonuniydir”, dedi AQSH Prezidenti.
Rossiyalik oligarxlarga ham “oltin karta”lar sotilishi haqidagi savolga Donald Tramp shunday javob berdi:
“Ha, balki. Men bir qancha rus oligarxlarini bilaman, ular juda yaxshi odamlardir”.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Donald Tramp “Rossiyaning nodir yer metallariga amerikalik investorlar uchun kirish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchiligini” aytgandi. Bungacha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskva Qo‘shma Shtatlarga nodir metallarni qazib olish va alyuminiy ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishni taklif qilishga tayyorligini aytgandi.
LiveBarchasi