Tramp Kanadaga bir shart bilan “Oltin gumbaz” himoyasini taklif qildi
Olam
−
28 may 2025 5796 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanada bo‘lajak Amerika havo mudofaa tizimi “Oltin gumbaz”ga qo‘shilishni istasa, 61 milliard dollar to‘lashi kerakligini aytdi. Shu bilan birga, Kanada AQSHga 51-shtat sifatida qo‘shilishni istasa, xuddi shu xizmat “nol dollar”ga tushadi. Bu haqda Tramp kecha, 27 may kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
“Men bizning ajoyib “Oltin gumbaz” tizimimizning bir qismi bo‘lishni juda xohlayotgan Kanadaga, agar ular alohida, ammo teng bo‘lmagan davlat bo‘lib qolsa, bu 61 milliard dollarga tushishini aytdim, ammo ular bizning 51-shtatimiz bo‘lishsa, bu nol dollarga tushadi. Ular buni ko‘rib chiqmoqdalar!” deydi Tramp.
Kanadaning CBC media kompaniyasi xabar berishicha, Trampning bayonoti Kanadada rasmiy davlat rahbari bo‘lgan Buyuk Britaniya qiroli Charlz III mamlakat parlamentida chiqish qilgan kunning o‘zidayoq e’lon qilingan. Qirol Kanada hukumati nomidan “kanadaliklar va ularning suveren huquqlarini himoya qilishga” va’da bergan.

Charlz III mamlakatga Kanada Bosh vaziri Mark Karni taklifiga binoan borgan. BBC mediakompaniyasi eslatganidek, Britaniya monarxi oxirgi marta Kanada parlamentida 48 yil avval so‘zlagan: “Bu Charlzning onasi, qirolicha Yelizaveta II edi”.
Charlz III ning nutqidan so‘ng, Karni CBC telekanaliga 1 iyulgacha Kanada Yevropani qayta qurollantirish dasturiga qo‘shila olishiga umid qilishini aytdi. Bu qadam Kanadaning Qo‘shma Shtatlardan qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishga qaramligini kamaytirishi kerak, deya ta’kidlaydi nashr.
Ma’lumot uchun, “Oltin gumbaz” havo mudofaa tizimini yaratish Donald Trampning saylovoldi tashviqoti vaqtida gapirgan keng ko‘lamli loyihasidir. Taxminlarga ko‘ra, ushbu mudofaa tizimi AQSHni raketa hujumlaridan, jumladan, koinotdan qilinadigan hujumlardan himoya qiladi. Loyiha kamida 175 milliard dollarga baholanmoqda va Tramp rejasiga ko‘ra, 2029 yilning yanvarigacha, ya’ni uning prezidentlik muddati tugaguncha yakunlanishi kerak.
2022 yilda Yevropa ham ko‘p darajali havo va raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish bo‘yicha European Sky Shield Initiative (ESSI)tashabbusini boshlagan. Uning maqsadi – barcha havo tahdidlarini qaytarish uchun qisqa, o‘rta va uzoq masofali raketa tizimlarini kelishilgan holda sotib olish. Hozirda loyihada 23 davlat ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda jurnalistlarga bergan bayonotida “Oltin gumbaz” yangi raketaga qarshi mudofaa tizimi haqida gapirgandi. U ushbu tizim mamlakat xavfsizligi va hatto omon qolishi uchun muhim ekanini hamda loyiha uchun taxminan 175 milliard dollar ajratilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.
Keyinroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Nin “Oltin gumbaz” loyihasi koinotni harbiylashtirish va qurollanish poygasining kuchayish xavfini oshirishini aytib, bayonot bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Oltin gumbaz” – bu global, ko‘p bosqichli va cheklovlarsiz raketaga qarshi mudofaa tizimi bo‘lib, AQSHning kosmosda zarba berish imkoniyatlarini kengaytirishini nazarda tutadi.
Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) AQSHning yangi “Oltin gumbaz” nomli raketaga qarshi mudofaa tizimi nafaqat mudofaa, balki hujum maqsadlarini ko‘zlayotganini bildirib, uni global xavfsizlik uchun jiddiy tahdid deb atadi.
Live
Barchasi