Tramp Kanada Bosh vazirini “Prezident” deb chalkashtirdi (video)
Olam
−
14 Oktabr 2057 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanada bosh vaziri Mark Karnining lavozimini chalkashtirib, uni “Prezident” deb atadi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 12 oktyabr kuni Sharm al-Shayxdagi “tinchlik sammiti”da sodir bo‘lgan. Tramp deklaratsiyalar imzolanganidan so‘ng, sammitda so‘zga chiqqan. AQSH rahbari uchrashuvda hozir bo‘lgan barcha davlat rahbarlariga alohida minnatdorlik bildirgan. Biroq Karnini rahbarlar orasidan topa olmay, Tramp bir lahza dovdirab qolgan.
Kanada Bosh vaziri haqida gapirayotib, Tramp xatoga yo‘l qo‘yib, uni “Prezident” deb atagan. Shundan so‘ng, Karni AQSH Prezidentiga yaqinlashib, hazil ohangida: “Meni prezidentlikka ko‘targaningiz uchun rahmat”, degan.
Bunga javoban Tramp: “Yaxshiyamki, men gubernator demadim”, deya javob qaytargan.
Bu Trampning Misrdagi sammitdagi yagona xatosi emas. U Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning “vatandoshi” deb atab, inglizcha – "compatriot" so‘zini ishlatgan.
Ingliz tilining Oxford va Cambridge lug‘atlari bu so‘zni “vatandosh” deb tarjima qiladi. Bu so‘zning boshqa ma’nolari orasida “hamkor do‘st” yoki “o‘rtoq” ham keltirilgan. Bundan tashqari, “tinchlik sammiti”da Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi uzatgan qo‘lni e’tiborsiz qoldirgan. Sentyabr oyida esa u Armanistonni Albaniya bilan adashtirib, Albaniya va Ozarbayjon o‘rtasidagi mojaroni to‘xtatganini aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Prezidenti Isxak Gersogga korrupsiya ishi bo‘yicha sud qilinayotgan Bosh vazir Binyamin Netanyaxuni afv etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgandi.