Tramp Netanyaxuni afv etishga chaqirdi
Olam
−
13 Oktabr 6438 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Prezidenti Isxak Gersogga korrupsiya ishi bo‘yicha sud qilinayotgan Bosh vazir Binyamin Netanyaxuni afv etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 13 oktyabr kuni Knessetdagi (Isroil parlamenti) nutqi chog‘ida so‘z ochdi.
“Janob Prezident, nega uni afv etmasligingiz kerak? Yoqsa-yoqmasa, u urush davrining eng yaxshi rahbarlaridan biriga aylandi. Sigaralaru shampanlarga kelsak, bu bilan kimning ishi bor o‘zi?” degan AQSH Prezidenti Gersogga murojaat qilib.
Knesset a’zolari bu chaqiriqni qarsaklar va “sigara va shampanlar, bo‘lsin!” degan qichqiriqlar bilan qarshi olgan.
Ma’lumot uchun, Isroilda Netanyaxuga uchta ish bo‘yicha – poraxo‘rlik, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish ayblovlari qo‘yilgan. Xususan, u tadbirkorlardan qimmatbaho sovg‘alar – sigaralar va shampanlar olganlikda, shuningdek, ommaviy axborot vositalariga ijobiy yorituv evaziga ta’sir o‘tkazishga uringanlikda ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Knesset binosida yurayotgan paytda jurnalistning “Urush endi rasman tugadimi?” degan savoliga “Ha”, deb javob bergani haqida xabar berilgan edi.
Bugun, 13 oktyabr kuni ertalab AQSH Prezidenti Donald Tramp garovdagilarni ozod qilish jarayoni davom etayotgan bir paytda Isroilga yetib borgandi. Ben-Gurion aeroportida katta Isroil delegatsiyasi – Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va uning rafiqasi Sara boshchiligida – prezidentni kutib oldi. Shuningdek, Isroil Prezidenti Ishok Gersog, AQSHning Isroildagi elchisi Mayk Hakkabi va otashkesim bitimini tuzishda yordam bergan Trampning kuyovi Jared Kushner ham o‘sha yerda edi. Unga Ivanka Tramp hamrohlik qildi.
Live
Barchasi