Tramp Grenlandiyaning tarafini olayotgan davlatlarga tahdid qildi
Olam
−
16:26 3146 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Grenlandiya ustidan Amerika nazoratini o‘rnatish rejalarini qo‘llab-quvvatlamaydigan davlatlarga nisbatan savdo bojlari joriy etishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda u kecha, 16 yanvar kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘z ochdi.
“AQSHning Grenlandiyaga bo‘lgan da’volariga rozi bo‘lmagan davlatlarga qarshi bojlar joriy qilishim mumkin, chunki Grenlandiya bizga milliy xavfsizlik uchun zarur”, degan Tramp va o‘zini “bojlar qiroli” deb atagan.
U boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan.
Qayd etish joiz, so‘nggi haftalarda Donald Tramp bir necha bor Daniyaning avtonom hududi bo‘lgan Grenlandiyaga AQSHning da’vosi borligini ochiq aytib kelmoqda. U orolni egallash zaruratini “Grenlandiya atrofida Rossiya va Xitoy kemalari bor” degan da’vo bilan izohlagan. Shuningdek, Oq uy Tramp Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritishning turli variantlarini, jumladan, qurolli kuchlardan foydalanish ehtimolini ham ko‘rib chiqayotganini bildirgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati orolni sotib olish variantini ham muhokama qilmoqda.
Joriy yilning 15 yanvar kuni Yevropaning yetti davlati mintaqadagi xavfsizlikni mustahkamlash hamda Daniyaga 2026 yil oxirida rejalashtirilgan yirik harbiy mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rishda yordam berish maqsadida razvedka missiyasi doirasida Grenlandiyaga o‘z harbiylarini yuborishini e’lon qildi. Bunga javoban Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Yevropa qo‘shinlarining Grenlandiyaga yuborilishi Trampning bu hududni Amerika hududiga aylantirish istagiga ta’sir qilmasligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH bilan orol kelajagi bo‘yicha kelishuvga erishilmagan uchrashuvdan so‘ng Grenlandiya Tashqi ishlar vaziri Vivian Motsfeldt Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen bilan birga KNR radiostansiyasi efiriga chiqib, suhbat chog‘ida hissiyotlarga berilib, yig‘lab yuborgandi.
Live
Barchasi