Trampning tahdidi: Grenlandiya TIV rahbari intervyuda yig‘lab yubordi (video)
Olam
−
16 yanvar 8091 2 daqiqa
AQSH bilan orol kelajagi bo‘yicha kelishuvga erishilmagan uchrashuvdan so‘ng Grenlandiya Tashqi ishlar vaziri Vivian Motsfeldt Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen bilan birga KNR radiostansiyasi efiriga chiqqan. Suhbat chog‘ida u hissiyotlarga berilib, yig‘lab yuborgan.
“So‘nggi bir necha kun juda og‘ir bo‘ldi. Biz tayyorgarlik ko‘rgandik, ammo bosim faqat kuchayib bordi. Biz Grenlandiyada xavfsiz yashashimiz uchun bor kuchimiz bilan ishlayapmiz”, degan u va so‘zini davom ettira olmay yig‘lab yuborgan.
Vivian Motsfeldtning aytishicha, Grenlandiya bir yildan buyon duch kelayotgan kuchayib borayotgan bosim orol aholisi orasida qo‘rquv va ishonchsizlikni keltirib chiqargan.
Ma’lumot uchun, kecha, 15 yanvar kuni Daniya va Grenlandiya AQSH bilan muzokaralar o‘tkazgan, biroq orolning kelajagi bo‘yicha kelishuvga erisha olmagan.
“Biz Amerikaning pozitsiyasini o‘zgartira olmadik. Ko‘rinib turibdiki, Prezident Grenlandiyani egallashni xohlaydi”, deydi Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen Oq uyda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va vitse-prezident Jey Di Vens bilan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga.
AQSH va Daniya Grenlandiya taqdiri bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olgan. Tomonlar Oq uydagi uchrashuvni “ochiq, ammo konstruktiv” deb baholagan.
Shu bilan birga, Grenlandiya masalasida Daniya va AQSH “tubdan farqli pozitsiyalarga” ega ekani ta’kidlangan. Daniya TIV rahbari orolni AQSHga topshirish talabini mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Kongressi ko‘rib chiqishi uchun allaqachon “Grenlandiyani anneksiya qilish va unga shtat maqomini berish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi kiritilgan. Hujjatga berilgan izohda AQSH Prezidentiga Grenlandiyani AQSH hududi sifatida qo‘shib olish uchun “zarur bo‘lgan har qanday choralarni ko‘rish” huquqi berilishi mumkinligi qayd etilgan.
Bungacha AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar “baribir u yoki bu yo‘l bilan” Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritishini aytgan. U birinchi prezidentlik muddati davridayoq Grenlandiyani sotib olishni taklif qilgan, 2025 yil mart oyida esa Daniya rad javobi bersa, savdo bojlarini joriy etish bilan tahdid qilib, orolni anneksiya qilish mumkinligini bildirgan.
Grenlandiya Daniya tarkibiga avtonom hudud sifatida kirgan. 1951 yilda Vashington va Kopengagen NATO doirasidagi ittifoqchilik majburiyatlariga qo‘shimcha ravishda orolni himoya qilish to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Ushbu bitimga ko‘ra, AQSH Grenlandiyani ehtimoliy tajovuzdan himoya qilish majburiyatini olgan.
Live
Barchasi