Tramp G‘azodagi kelishuvni chigallashtirmoqda – HAMAS
Olam
−
06 mart 2025 3150 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning so‘nggi bayonotlari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish va asirlarni almashish bilan bog‘liq vaziyatni sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkin. Bu haqda Falastinning HAMAS harakati vakili Hazim Qosim “Anadolu”ga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy rahbarining tahdidlari Isroil tomonini kelishuvga rioya qilmaslikka undamoqda. HAMAS vakili Falastin harakati birinchi bosqichning barcha shartlarini bajarganini, Isroil esa ikkinchi bosqichni boshlashdan qochayotganini qayd etdi.
“Qo‘shma Shtatlar kelishuvga vositachilik qilgan davlatlardan biri. Bitim barcha mahbuslarni uch bosqichda ozod qilishni ko‘zda tutadi va HAMAS birinchi bosqich bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajardi”, dedi Qosim.
U Vashingtonni Isroilni avval erishilgan kelishuvlarga muvofiq kelishuvning ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralarga o‘tishga majburlash uchun bosim o‘tkazishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, yanvar oyi o‘rtalarida Isroil va HAMAS Misr, Qatar va AQSH vositachiligida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishga kelishib oldi va bu kelishuv 19 yanvardan kuchga kirdi. Kelishuvni amalga oshirishning birinchi bosqichi 1 mart kuni yakunlandi.
Kelishuvning birinchi bosqichida barcha isroillik garovga olinganlar va halok bo‘lganlarning jasadlari o‘z vatanlariga qaytarildi. Buning evaziga Isroil 1500 dan ortiq falastinlikni qamoqdan ozod qildi, ularning bir qismi Falastin hududidan chiqarib yuborildi.
2 mart kuni Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishini to‘sib qo‘ydi va buni HAMASning anklavda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha Uitkoff rejasini qabul qilishdan bosh tortgani bilan izohladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp HAMASga “yakuniy ogohlantirish” berib, G‘azo sektorida saqlanayotgan barcha mahbuslarni zudlik bilan ozod etish va eksklavni olib chiqishni talab qilgan edi.
“Barcha garovga olinganlarni hoziroq ozod qiling, keyinroq emas va o‘ldirgan odamlarning jasadlarini darhol qaytaring, aks holda hammasi tugaydi. Men Isroilga ishni tugatish uchun kerak bo‘lgan hamma narsani yuboryapman, agar siz aytganimni qilmasangiz, HAMAS a’zolari xavfsiz bo‘lmaydi”, deb yozdi Amerika yetakchisi o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Live
Barchasi