Tramp Eronga qarshi urushning dastlabki natijalarini ochiqladi

Olam

image

Mojaro boshlanganidan beri AQSH Eron hududi bo‘ylab 7 mingdan ortiq nishonga zarba berdi. Zarba berilgan ob’ektlarning aksariyati harbiy va tijoriy ob’ektlar bo‘lgan. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp aytib o‘tdi.

Tramp yana Eronning Xarg  orolini tilga olib, AQSH u yerda neft ob’ektlaridan tashqari deyarli hamma narsani yo‘q qilganini takrorlagan. Shu bilan birga, agar kerak bo‘lsa, kelajakda neft ob’ektlariga ham zarba berilishi mumkinligini aytgan.

“Biz quvurlarni qoldirdik. Buni qilishni xohlamagandik, lekin agar kerak bo‘lsa, besh daqiqa ichida buni qila olamiz”, degan Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bu hududlarga ataylab zarba bermagan, chunki kelajakda mamlakatni tiklash imkoniyati qolishini xohlagan.

Shuningdek, Trampning aytishicha, Eronning minaga mo‘ljallangan barcha kemalari yo‘q qilingan. Ularning soni 30 dan ortiq bo‘lgan. Prezident Eron qo‘lida unchalik ko‘p raketa qolmaganini ham ta’kidlagan.

Tramp Hormuz orqali neft yetkazib berishdagi uzilishlar haqida ham gapirgan. Eron mojaro boshlanganidan keyin bu bo‘g‘ozni yopgan edi. AQSHning o‘zi u orqali 1 foizdan kam neft import qilishini aytgan.

Biroq u boshqa davlatlar, jumladan Yaponiya va Koreya bu yo‘l orqali neft yetkazib berishga ancha ko‘proq bog‘liqligini tan olgan. Shu sababli AQSH ular bo‘g‘ozda xavfsiz dengiz qatnovini ta’minlash uchun o‘z kuchlarini yuborishini istamoqda.

Tramp AQSH ittifoqchilarini bu missiyada qatnashishdan bosh tortgani uchun tanqid qilgan. Uning fikricha, ular o‘nlab yillar davomida AQSH xavfsizlik yordamini olgan bo‘lsa-da, yetarlicha sodiqlik ko‘rsatmayapti.

Shu bilan birga, Tramp ko‘plab davlatlar allaqachon yo‘lga chiqqani haqida xabar berganin, biroq qaysi mamlakatlar ekanini aniqlashtirmagan.

AQSH va Isroil fevral oxirida Eronga qarshi qo‘shma harbiy operatsiya boshlagan edi. O‘shandan beri tomonlar bir-biriga zarbalar bermoqda. Tehron esa Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi AQSH harbiy ob’ektlariga hamda Isroilga raketa va dronlar bilan javob bermoqda.

Mojaro fonida Yaqin Sharqda aeroportlar yopilishi sababli aviaqatnovlarda uzilishlar yuzaga keldi. Shuningdek, Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopgani tufayli dunyoda energiya resurslari narxi keskin oshdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi sentyabrgacha davom etish ehtimoli mavjudligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing