Tramp Eronga so‘nggi signallaridan birini yubordi
Tahlil
−
31 mart
7590XXI asr boshida Qo‘shma Shtatlarni idora qilgan kichik Jorj Bushning Iroqqa bostirib kirish oldidan dunyo hamjamiyatiga qilgan murojaatidan keyin Yaqin Sharqda nimalar ro‘y bergani hech kimga sir emas. Bir so‘z bilan aytganda, Bushning ushbu chiqishi Sharq sivilizatsiyasining eng muhim o‘choqlaridan biri bo‘lgan Iroqning kulini ko‘kka sovurgan jinoyatning anonsi edi. Bugun esa mintaqada mana shu taqdirni takrorlashi mumkin bo‘lgan yana bir nishon bor. Bu Eron. Tramp hokimiyatga kelgandan buyon bu boradagi xavflar kun sayin ortib boryapti. O‘zining birinchi mandatida forslarga tinchlik bermagan Tramp ikkinchi muddatida ham mazkur ishini keskin davom ettirmoqda. Xavf shundaki, AQSHning kechagi Iroq va bugungi Eronga qaratilgan tahdidlari o‘rtasida qator o‘xshashliklar bor. Masalan, Iroqqa bostirib kirish motivi u yerda ommaviy qirg‘in qurollari mavjud deya to‘qib chiqarilgan ertak bo‘lgan bo‘lsa, bugun Eronga qilinayotgan tahdid ham uning yadroviy dasturini yo‘q qilish bilan bog‘liq. Iroq bosqini tashqi siyosatda qator ko‘ngilsizliklarga sababchi bo‘lgan Bush ma’muriyati davrida sodir bo‘lgan bo‘lsa, bugun Eronga qilinayotgan do‘q-po‘pisalar xalqaro maydonda Bushdan qolishmaydigan jinoyatlar qilishi mumkin bo‘lgan Donald Tramp tomonidan amalga oshirilmoqda. Muammo shundaki, Trampda bu borada yetarlicha tajriba bor. 2020 yilda Qosim Sulaymoniyni ochiqdan ochiq yo‘q qilgani va “Eron bombasining otasi” Muhsin Faxrizodaga uyushtirilgan suiqasd buni tasdiqlaydi. Shunday ekan, agar voqealar rivoji diplomatik yechim doirasidan chiqgudek bo‘lsa, Yaqin Sharqda navbatdagi tarixiy ko‘ngilsizliklar bo‘lish ehtimoli juda yuqori. Quyida shular haqida batafsil gaplashamiz.
Mojaroning “o‘t olishi”
Joriy yilda AQSH Prezidenti Donald Tramp inauguratsiyadan oldin ham, keyin ham Eronga maksimal bosim o‘tkazish va uni tubdan izolyatsiyalash orqali rasmiy Tehronni yadroviy kelishuv imzolashga majburlashi haqida ko‘p bor ta’kidladi. 4 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp milliy xavfsizlik memorandumini imzoladi va unda Eronning yadro dasturiga “maksimal bosim” o‘tkazish ko‘zda tutildi. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa bunga javoban Trampning yadroviy qurol ishlab chiqarishdan qo‘rqishini asossiz deb atab, mamlakat Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga sodiq qolishini, qolaversa, Eronda bu faoliyatga diniy taqiq ham qo‘yilganini ta’kidlagan holda yadro qurolini man qiluvchi fatvoga ishora qildi.
Oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy esa AQSH bilan muzokaralar stoliga o‘tirish befoyda ekanini aytib, bu hech qanday muammoni hal qilmasligini ta’kidladi. Xomanaiyning so‘zlariga qo‘shimcha tarzda bugungi kunda forslarning eng faol siyosatchisi bo‘lib turgan Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Eron hech qachon AQSHga yengilmasligi va kerak bo‘lsa, Trampning “bosim ostidagi” muzokaralarini ham qabul qilmasligini ma’lum qildi.
Ushbu ritorik to‘qnashuvlardan bir oy o‘tib, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyga mamlakat yadroviy dasturini muhokama qilish uchun maktub yo‘llagani ma’lum qilindi. Tramp shaxsan o‘zi “Fox Business” telekanaliga bergan intervyusida Eron rahbariga maktub yo‘llagani va u bilan yadroviy kelishuvga erishishni afzal ko‘rishini aytdi. Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot paytida esa AQSH rahbari o‘z tahdidlarini yanada ochiq bayon qildi. O‘shanda Tramp Eron bilan munosabatlar qanday kechishi so‘roq ostida ekani va oldinda barchani qiziqarli kunlar kutayotgani haqida og‘iz ochdi. U, shuningdek, o‘sha kuni Eronga joriy yildagi ilk ochiqdan ochiq tahdidini yo‘lladi. Tramp Eron masalasida “oxirgi bosqichlar”ga kelingani, bu esa vaziyatning juda muhim nuqtasi ekanini aytib o‘tdi. U tinchlik kelishuviga umid qilayotgani, ammo bunday kelishuv bo‘lmasa, boshqa variant bu masalani hal qilishini qo‘shimcha qilib, qonli ssenariyga shama qildi.
“Umid qilamanki, biz tinchlik kelishuvga erishamiz. Men tinchlik kelishuvni afzal ko‘raman, boshqa variantni emas. Ammo agar tinchlik kelishuv bo‘lmasa, boshqa variant bu masalani hal qiladi”, degan Oq uy rahbari.
Trampning Eronga yo‘llangan xati va talablariga javoban mamlakat oliy rahnamosi Ali Xomanaiy AQSH hukumatini vijdonsiz deb atab, u bilan muzokaralar olib bormasligini ma’lum qildi. Erondagi ikkinchi raqamli shaxs, prezident Ma’sud Pezeshkiyon esa 11 mart kuni AQSHga “xohlagan narsasini qilishi mumkinligi, ammo u bilan bosim ostida hech qachon muzokara o‘tkazmasligini aytdi. Shu tariqa Tramp va fors yetakchilari o‘rtasidagi jangning birinchi raundi yakunlangandi.
Eronga yetib kelgan xat
Yuqorida 7 mart kuni Tramp “Fox Business Network” telekanaliga bergan intervyusida Eron yetakchisi Ali Xomanaiyga maktub yo‘llagani aytildi. Ammo o‘shandan so‘ng, dastlab, Eronning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakolatxonasi “hozircha bizga bunday xat kelgani yo‘q” deya javob bergandi. Keyinroq AQSH rasmiysi mamlakat matbuotiga bergan bayonotida Tramp shunday mazmundagi maktubni yozgani, lekin hali jo‘natmaganini ma’lum qildi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, 12 mart kuni kechqurun, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidentining maslahatchisi Anvar Gargash Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan uchrashish uchun Tehronga bordi. Mamlakat matbuotining yozishicha, ushbu tashrif vaqtida Gargash Aroqchiga AQSH Prezidenti Trampning Eron yetakchisi Xomanaiyga yo‘llagan maktubini topshirgan. Maktubda nima yozilgani, unda qanday talablar borligi esa ma’lum vaqt davomida noma’lumligicha qoldi. Oradan bir hafta o‘tib esa, Tramp xatidagi tafsilotlar haqida xabarlar tarqala boshladi. Jumladan, “Axios” AQSH Prezidentining Eron oliy rahnamosiga yo‘llagan maktubida yangi yadro kelishuvi tuzish uchun ikki oy muddat belgilaganini ma’lum qildi. Nashr xabariga ko‘ra, Trampning Xomanaiyga yo‘llagan maktubi keskin tonda yozilgan bo‘lib, unda Eron bilan yangi yadro bitimi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish taklif qilingan. Bordi-yu Tehron ushbu taklifni rad etsa va yadro dasturini rivojlantirishda davom etsa, yomon oqibatlar bo‘lishi haqida ogohlantirilgan. AQSH Prezidenti “butun umr” davom etadigan muzokaralarni xohlamasligini bildirgan va ikki oylik muddat belgilagan. Nashrga ko‘ra, ushbu muddat qachondan boshlab hisoblanishi aniq emas. Bu muddat maktub yuborilgan kundan yoki ikki davlat o‘rtasida muzokaralar boshlangan vaqtdan boshlab hisoblanishi mumkinligi taxmin qilindi. Eronning taxminiy yadro salohiyatiga bo‘lgan bu qo‘rquvlar esa o‘z-o‘zidan kuchaygani yo‘q. So‘nggi to‘rt yil ichida Eronning yadro dasturi sezilarli darajada rivojlangani va mamlakat yadro qurolini yaratishga juda yaqin turgani ko‘p bor ta’kidlandi. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) ma’lumotlariga ko‘ra, Eron hozirda 60 foizgacha boyitilgan uran zaxirasiga ega bo‘lib, agar u 90 foiz darajasiga yetkazilsa, olti dona yadro bombasini yaratish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, Tehron doimiy ravishda yadro quroli yaratishga intilayotganini qat’iyan inkor etib keladi.
Iroq taqdiriga ishora
Bir necha soatlar oldin AQSH prezidenti Donald Tramp “NBC News”ga telefon orqali bergan intervyusida Eron yadro quroli bo‘yicha kelishuvga erishmasa, misli ko‘rilmagan bombardimonlarga duch kelishi muqarrarligini aytgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu bilan Oq uy rahbari Tehronga keng ko‘lamdagi harbiy harakatlar bilan tahdid qildi. Tramp bu safar o‘z uslubida rasmiy Tehronga bosim o‘tkazgan holda, yadroviy bitim imzolanmasa, Eron bombardimon qilinishini aytib, fors rasmiylariga jiddiy va ko‘p ehtimol so‘nggi ogohlantirishlaridan birini yo‘lladi. Mazkur tahdid esa mart oyi boshida Tramp tomonidan aytilgan “oxirgi bosqich” ancha yaqin ekanidan dalolat berayotgandek taassurot uyg‘otyapti. Ko‘p ehtimol, so‘nggi signallardan biri deya taxmin qilinishining sababi esa oldin ham ta’kidlanganidek, Tramp Eron bilan munozaralarda ko‘p o‘ylab o‘tirmasligi deyarli barchaga ma’lum. O‘z vaqtida Yaqin Sharqning eng qudratli shaxslaridan biri bo‘lgan Eronning harbiy lideri Qosim Sulaymoniyning shov-shuvli o‘ldirilishi bunga yaqqol misoldir. Shunday ekan, bugun AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy kelishuv masalasi allaqachon “xavfli chegara” yoqasida. Bu esa yaqin kunlarda hamma narsa, jumladan, 2003 yilgi Jorj Bushning nutqi Tramp misolida takrorlanishi va keyingi voqealar ham o‘sha mash’um ssenariy bo‘yicha alanga olish ehtimoli borligini anglatadi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




