Tramp dunyo davlatlarini Hormuzni ochishga yordam berishga chaqirdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning harbiy salohiyati to‘liq yo‘q qilinganini ma’lum qildi, biroq mamlakat hali ham kemalar qatnoviga nuqtali zarbalar berishga qodirligidan ogohlantirdi. Bu haqda u bugun, 14 mart kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

U jahon yetakchilarini Hormuz bo‘g‘ozini qo‘riqlashda ishtirok etishga chaqirgan. Shuningdek, Amerika yetakchisi Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya va Janubiy Koreyaga murojaat qilib, ushbu strategik suv yo‘lida birgalikda patrullik qilish uchun harbiy kemalarini yuborishga undagan.

“Ko‘plab davlatlar, ayniqsa, Eronning Hormuz bo‘g‘ozini yopishga urinishi ta’sir ko‘rsatadigan davlatlar bo‘g‘oz ochiq va xavfsiz qolishi uchun AQSH bilan birgalikda harbiy kemalarini yuboradi”, deydi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehronning asosiy kuchlari tor-mor etilgan va rahbariyati “to‘liq boshsizlantirilgan” bo‘lsa-da, kichik qo‘poruvchilik harakatlari xavfi saqlanib qolmoqda: Eronga “bitta-ikkita dron yuborish, raketa uchirish yoki suv yo‘li bo‘ylab mina o‘rnatish juda oson”.

AQSH Prezidenti Vashingtonning mintaqani uzil-kesil barqarorlashtirish borasidagi qat’iyatini tasdiqlagan.

“Qo‘shma Shtatlar qirg‘oq chizig‘ini shiddat bilan bombardimon qiladi va Eron qayiqlari hamda kemalarini muntazam ravishda yo‘q qiladi. Nima bo‘lganda ham biz tez orada Hormuz bo‘g‘ozini ochiq, xavfsiz va erkin qilamiz”, deya xulosa qilgan u.

“The Wall Street Journal” ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp urushni darhol to‘xtatishni rejalashtirmayapti va Eron harbiy hamda proksi-kuchlariga zarbalarni davom ettirishni talab qilmoqda. Pentagon vakillari nashrga mojaro yana kamida bir necha hafta davom etishi mumkinligini bildirgan.

WSJ qayd etishicha, urush boshlanishidan avval Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Den Keyn Trampni hujum Eronni Hormuz bo‘g‘ozini yopishga undashi mumkinligidan ogohlantirgan. Tramp bu xavfni tan olgan, ammo Tehron bo‘g‘ozni yopishdan oldin taslim bo‘ladi, degan ishonch bilan operatsiyaga qaror qilgan. Ikki hafta o‘tgach, Eron rahbarlari ortga chekinishdan bosh tortmoqda, bo‘g‘oz esa Tehron uchun asosiy bosim dastagiga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G7 yetakchilari Trampni urushni imkon qadar tezroq to‘xtatishga chaqirib, Hormuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta’minlash zarurligini alohida qayd etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Donal'd Tramp Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing