Tramp bugun Putin bilan gaplashmoqchi
Olam
−
19 may
2731AQSH Prezidenti Donald Tramp bugun, 19 may kuni Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan Ukrainadagi urushni hal qilish masalasini muhokama qilish uchun telefon orqali muloqot qilishni rejalashtiryapti. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
“Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan dushanba kuni soat 10:00 da (Toshkent vaqti bilan 19:00) telefon orqali qo‘ng‘iroq qilaman. Qo‘ng‘iroq mavzusi qon to‘kilishini to‘xtatish bo‘ladi”, deb yozdi Tramp.
Tramp Putin bilan Ukrainadagi vaziyat va savdo masalalarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Shundan so‘ng u Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va NATO ittifoqchilariga qo‘ng‘iroq qilishga tayyor.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Tramp va Putin o‘rtasidagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish va u samarali bo‘lishi kerakligini aytgan edi. Kreml vakilining aniqlik kiritishicha, muzokaralar Rossiya-Amerika munosabatlari nuqtai nazaridan ham, xalqaro va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish nuqtai nazaridan ham zarur.
Shu kuni Tramp Putin bilan uchrashish qarori ikki-uch hafta ichida qabul qilinishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, u bu davrda “dunyo ancha xavfsizroq bo‘lishini” ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri Putin bilan ikki marta – 12 fevral va 18 mart kunlari suhbatlashgandi. Ikki holatda ham asosiy mavzu – Ukrainadagi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish bo‘lgan.
LiveBarchasi